Lo’li tili

Lo’li tili — lo’lilarning tili. Hind-Yevropa tillari oilasining hind-oriy guruhiga mansub. Lo’li tili hind-oriy tillari muhitidan ajralgan holda shakllanganligi tufayli yaqin, qardosh til guruhlaridan sezilarli farqqa ega, Lekin ko’hna hind-oriy tillari lug’aviy tarkibini saqlab qolgan, tipologik jihatdan o’rta va yangi hind tillariga yaqin. Talaffuzda o’ziga xos jihatlar: jaranglilarning jarangsizlanishi (g>k, D>t, b>p), sirg’alishning kuchsizlanishi, qorishiq tovushlarning susayishi (sh>s) va boshqalar mavjud. Morfologiyasi uchun so’z ketidan qo’shiladigan qo’shimchalarning yangi kelishik fleksiyasiga uchrashi, jonsiz — narsa otlarida tushum kelishigining shakli uchramasligi, kelasi zamon fe’lining murakkab shakli va boshqalar xos. Muntazam ko’chib yurish tufayli lo’lilar Lo’li tilining turli lahjalarida so’zlashadi. Bundan tashqari, Lo’li tili lo’lilar yashaydigan hududlardagi mahalliy tillarning lug’aviy, fonetik, sintaktik ta’siriga uchragan. Sharq mamlakatlarida uzoq vaqt yashagan lo’lilarning tiliga Sharqiy tillar, G’arb mamlakatlarida yashaganlarining tiliga esa g’arbiy tillar sezilarli ta’sir etgan. Masalan, Vizantiya hududidagi lo’lilar tilida Bolqon yarim orolidagi tillar uchun umumiy bo’lgan xususiyatlarni uchratish mumkin.