Lome
Lome — Togo poytaxti, mamlakatning siyosiy, iqtisodiy va madaniy markazi. Gvineya qo’ltig’i sohilidagi port. Iklimi ekvatorial iqlim, eng issiq oylar (mart—aprel) ning o’rtacha temperaturasi 31°, eng salqin oy (iyul — avgust) niki 23°. Yiliga o’rtacha 755 mm yog’in yog’adi. Aholisi 500 ming kishidan ziyod (1990-yillar o’rtalari). Shahar 19-asr oxirlarida 18-asrning 20-yillaridan mavjud bo’lgan qishloq o’rnida bunyod etilgan. 1877 yildan Germaniya protektorati Togoning markazi bo’lgan. 1-jahon urushidan keyin (1914-18 yillarda) Frantsiya mandatligidagi hududning, 1939-45 yillarda Frantsiya vasiyligidagi Togoning ma’muriy markazi. 1960 yil 27 apreldan mustaqil Togo Respublikasining poytaxti. Lome — transport yo’llarining muhim tuguni, aeroporti xalqaro ahamiyatga ega. Neftni qayta ishlash, metallurgiya, tsement, marmar zavodlari, paxta tozalash, to’qimachilik, oziq-ovqat, poyabzal korxonalari mavjud. Hunarmandchilik rivojlangan. Port orqali chetga fosforit, marmar, kofe, kakao, paxta va palma mahsulotlari chiqariladi. Lomeda Milliy Majlis, Prezident saroyi, mehmonxona va boshqa ma’muriy hamda jamoat binolari qurilgan. Ilmiy tadqiqotlar instituti, universitet, milliy muzey, kutubxona, o’quv muassasalari bor. Turizm rivojlangan.