London universiteti
London universiteti – Buyuk Britaniyadagi eng yirik universitet va ilmiy tadqiqot markazlaridan biri. 1836 yil qirol Vilgelm IV farmoniga muvofiq, mamlakatning ayrim universitetlari talabalariga ilmiy daraja beradigan (tegishli imtihonlarni topshirgandan so’ng) muassasa sifatida tashkil etilgan. 1898 yil qayta tuzilib, oliy o’quv yurti vazifasini ham o’tay boshladi. 1907 va 1910 yilda parlamentning maxsus qarori bilan London universiteti tarkibiga universitet (1826 yil tashkil etilgan) va Qirollik (1829) kollejlari qo’shildi. London universiteti texnika fanlari, iqtisodiyot, yuridik, teologiya, tibbiyot, pedagogika, musiqa fanlari bo’yicha mutaxassislar tayyorlaydi. Universitetda ijtimoiy va tabiiy fanlar bo’yicha turli ilmiy tadqiqot institutlari bor. 1947 yil London universiteti huzurida Britaniya tibbiyot federasiyasi tashkil etilgan. Kutubxonasida 1 milliondan ortiq asar saqlanadi. Universitetda 55 mingga yaqin talaba ta’lim oladi, 1,5 mingga yaqin o’qituvchi ishlaydi. Ilmiy va ilmiy-metodik adabiyotlar nashr etadi.