Loyihalash
Loyihalash — mo’ljallangan ob’yektlar (apparat va asboblar, bino va inshootlar, yo’l va ko’priklar, mashina va jihozlar, samolyot va kosmik kemalar, radiopriyomnik va televizorlar, telefon va kompyuterlar, kiyim-bosh va poyabzallar, mebellar hamda boshqa turli-tuman mahsulotlarning yangi xillari va namunalari)ni qurish va yaratish uchun ularning loyihalarini tuzish va chizish jarayoni. Fan va texnikaning barcha sohalarida qo’llaniladi. U ilmiy tadqiqot ishlari, iqtisodiy va texnikaviy hisob-kitob, smeta tuzish, chizmachilik va chizmalarni ko’paytirish amallarini o’z ichiga oladi, chizmalar asosida ko’pincha ob’yekt (bino, mashina va boshqalar)ning maketi tayyorlanadi. Biror bir ob’yektni individual (yakka tartibda) va tipaviy (ommaviy tartibda) Loyihalash mumkin. Loyihalashni maxsus tashkilotlar, firmalar yoki guruhlar amalga oshiradi. Bular sohalar bo’yicha yoki ixtisoslashtirilgan tarzda ish yuritadi. Biror ob’yektni Loyihalashda standartlashtirilgan detallar, agregatlar, uzellar va me’yoriy hujjatlardan keng foydalaniladi. Loyihalash ushbu bosqichlarda amalga oshiriladi: loyiha topshirig’i, loyiha yechimi va loyiha sinovi. Loyiha topshirig’ida bo’lajak ob’yektni qurishning shart-sharoitlari va maqsadga muvofiqligi asoslanadi va uning tafsilotlari belgilanadi. Loyiha yechimida bo’lajak ob’yektning rejasidan tortib toki tayyor holigacha bo’lgan ishlar belgilab olinadi. Loyiha sinovida tayyor loyiha maxsus tuzilgan dastur asosida tekshiriladi. Bu bosqichlarni amalga oshirishda ilmiy tadqiqot ishlari va muhandislik-qidiruv ishlarini bajarishga ham to’g’ri keladi. Hozir Loyihalash jarayonini avtomatlashtirishga ayniqsa keng e’tibor berilmoqda. Bunda tashkiliy-texnikaviy vositalar, elektron-hisoblash mashinalari, kompyuterlar, avtomatika vositalaridan foydalaniladi. Bu vositalar majmui “inson va mashina” tizimini, ya’ni avtomatlashtirilgan Loyihalash tizimini tashkil qiladi. Bu tizim insonni murakkab va sermehnat hisoblash, qiyin jadvallarni tuzish ishlaridan ozod qiladi, Loyihalashni ancha tezlashtiradi.