Loyish
Loyish — Samarqand viloyati Oqdaryo tumanidagi shaharcha (1984 yildan). Tumanning ma’muriy markazi. Viloyat markazi hamda yaqin temir yo’l stantsiyasi Samarqanddan 36 kilometr. Aholisi 11,5 ming kishi (2002). Oqdaryodan suv oladi. Shaharchaning nomi uning joylashgan o’rni bilan bog’liq. Loyish qadimda Zarafshon daryosining tarmoqlari — Oqdaryo bilan Qoradaryo oralig’idagi qamishzor va botqoqlik yerda vujudga kelgan, nomi shundan bo’lsa kerak deb taxmin qilinadi. Shaharchada tuman hokimiyati binosi, g’isht, konserva zavodlari, qurilish tashkilotlari, aloqa bo’limi, madaniy, savdo va maishiy xizmat ko’rsatish shoxobchalari, 3 umumiy ta’lim, musiqa, maxsus internat maktablari, pedagogika kolleji, madaniyat uyi, Markaziy kutubxona, stadion, madaniyat va istirohat bog’i (bog’da urushda shahid bo’lganlarga yodgorlik o’rnatilgan), kasalxona va boshqa tibbiy muassasalar bor. Loyish hududidan Katta Zarafshon avtomagistrali o’tadi.