Loyqa, balchiq

Loyqa, balchiq — 1) suv havzalaridagi juda mayda dispers zarralardan iborat loysimon cho’kindi. U suvning sekin oqishi natijasida daryo, kanal, suv omborlari va boshqa suv havzalari tubida hamda qishloq xo’jalik ekinlari sug’orilgandan so’ng dalaning etak qismida yig’ilib qoladi. Paydo bo’lish joyiga ko’ra, ko’l, daryo va boshqa suv havzasi Loyqalari, tarkibiga ko’ra esa, diatomli, radiolyariyali, ohakli va boshqa Loyqalar farqlanadi; 2) (tuproqshunoslikda) tuproq qattiq fazasi mexanik elementlarining diametrik 0,001 — 0,002 mm dan yirik bo’lmagan qismi. Loyqa tog’ jinslari va ular tarkibiga kiruvchi minerallarning nurashi, shuningdek, tuproq paydo bo’lish jarayonida vujudga keladi. Yotqiziqlarning tarkibi va rangiga ko’ra, Loyqa qizg’ish, yashilroq va boshqa tusda bo’ladi. Loyqa amalda o’zidan suvni deyarli o’tkazmaydi, lekin unda kapillyar naylar orqali suv ko’tara olish xususiyati yuqori, shuningdek, ko’p miqdorda nam tutib qolish, bo’kish, qovushqoklik va yopishqoqlik xossalariga ega. Quriganda esa o’tirib, hajmi kichrayadi. Loyqada chirindi, oziq moddalar, makro va mikroelementlar, ayniqsa, azot ko’p. Tuproqda Loyqa qancha ko’p bo’lsa, unga ishlov berish shuncha qiyinlashadi. Loyqa zarrachalari tuproqning fizik va fizik-kimyoviy xossalari — singdirish, ilashuvchanlik, suv o’tkazuvchanlik, yopishqoqlik va boshqalarga katta ta’sir kursatadi. O’rta Osiyoning sug’oriladigan dehqonchilik mintaqalari tuproqlaridagi Loyqa miqdori turlicha: yengil (qumli, qumloqi) mexanik tarkibli tuproqlarda 5-8%, yengil qumoqli yerlarda 10-12%, o’rtacha va og’ir qumoqli yerlarda 14-22%, ishlov berish og’ir bo’lgan soz mexanik tarkibli tuproqlarda esa 20-25% dan 30-40% gacha. Qishloq xo’jalik ekinlari yetishtiriladigan o’tloqi, botqoqi-o’tloqi, ayniqsa, botkoqi, taqirli, taqir-o’tloqi tuproqlarda hamda taqirlarda Loyqaning miqdori yuqori (20-30%). Shuning uchun bu tuproqlar sug’orish va ishlov berish ta’sirida zichlanish hamda qatqaloq hosil qilishga juda moyil. Ba’zi ko’l va boshqa suv havzasining Loyqalari qishloq xo’jalik ekinlariga o’g’it va mineral ozuqa sifatida ishlatiladi.