Lug’at

Lug’at — 1) muayyan tilda, uning hududiy yoki ijtimoiy lahjasida mavjud bo’lgan, u yoki bu yozuvchi asarlarida uchraydigan so’zlar yig’indisi, leksika; 2) so’zlar (yoki morfemalar, so’z birikmalari, iboralar va boshqlar) muayyan tartibda (alifboli, uyali, mavzuli) joylashtirilgan, tavsiflanuvchi birliklar, ularning kelib chiqishi, ma’nolari, yozilishi, talaffuzi, uslubiy mansubligi, boshqa tillarga tarjimasi haqida ma’lumotlar jamlangan kitob. Lug’atlar ma’naviy madaniyat sohasida muhim o’rin egallaydi, ularda jamiyatning ma’lum davrda erishgan bilimlari aks etadi. Lug’at bir qator ijtimoiy vazifalarni bajaradi: o’quvchiga muayyan hodisa haqida ma’lumot beradi; uni o’z va o’zga tillardagi so’zlar bilan tanishtirada; tilni, uning lug’at tarkibini takomillashtirish va tartibga solishga yordam beradi. Lug’atlar juda kadim davrlarda paydo bo’lgan; hozirgi davrda ma’lumot-axborot to’plash va uni o’quvchiga yetkazishda muayyan ahamiyatga ega. So’zni tavsiflashdagi bir qancha farqli xususiyatlariga ko’ra, Lug’atlarni asosan 2 turga: entsiklopedik va lingvistik (filologik), lug’atlarga ajratish mumkin. Entsiklopedik lug’at so’zlarning o’zini emas, balki ular orqali bildiriladigan predmet va tushunchalarni izohlaydi, tushuntiradi. Lingvistik Lug’atlarning asosiy maqsadi esa til birligi hisoblangan so’zning ma’nolarini, turli lisoniy xususiyatlarini ochib berishdan iborat. Lingvistik Lug’atlar leksikografik tavsif mazmuni, vazifasi va usullari nuqtai nazaridan bir qancha turlarga bo’linadi: 1. So’zlarning ma’nolari, qullanish sohasi va darajasi, fonetik va grammatik xususiyatlarini ko’rsatib beruvchi izohli lug’at (S. I. Ojegov. Tolkoviy slovar russkogo yazika, 20-e izd., M., 1988; O’zbek tilining izohli lug’ati. 1-2-j.lar, M., 1982). 2. Muayyan tilga o’zlashgan, lekin o’zlashmaligi sezilib turgan boshqa til so’z va terminlarini tushuntirib beruvchi xorijiy so’zlar Lug’ati (slovar inostrannix slov, 18-e izd., M., 1989; O. Usmon, R. Doniyorov. Ruscha-Internasional so’zlar izohli lug’ati, T., 1965). 3. Bir tilga oid lug’aviy birliklarni boshqa tilga o’girib izohlab beruvchi tarjima Lug’atlari — o’zbek leksikografiyasida keng tarqalgan, qadimdan ma’lum lug’at turi, 19-asrgacha Arab-o’zbek, fors-o’zbek, turk-o’zbek ikki tilliligiga asoslanib yoki aksincha tartibda tuzilgan tarjima Lug’atlari mavjud bulgan bo’lsa, 20-asrda ular qatoriga mazkur tillar bilan birga ingliz, nemis, ispan, hind, yapon tillari ishtirokida tuzilgan ikki tilli Lug’atlar ham qo’shildi [nemischa-O’zbekcha lug’at, 1964; O’zbekcha-nemischa lug’at, 1967; frantsuzcha- O’zbekcha lug’at, 1973; Inglizcha-O’zbekcha lug’at, 1968; O’zbekcha-inglizcha lug’at, 1969; Arabcha-O’zbekcha lug’at 1986; O’zbekcha-forscha lug’at, 1984; ruscha- O’zbekcha mukammal lug’at (A. Zohiriy, 1927), 1 jildli ruscha-O’zbekcha lug’at, M., 1954; 5 j.li ruscha-O’zbekcha lug’at; 1950— 55; 1 j.li O’zbekcha-ruschalug’at(M. 1959; T., 1988); 2 j.li ruscha-O’zbekcha lug’at, 1983-84 va b.]. 4. So’zlarning qachondan boshlab shu tilda qo’llana boshlagani, uning fonetik, grammatik, semantik belgilari taraqqiyotini ko’rsatib beruvchi tarixiy Lug’at (o’zbek tilida haqiqiy ma’nodagi tarixiy Lug’at tuzilmagan, lekin E. Fozilovning “Starouzbekskiy yazik: Xorezmskie pamyatniki XIV veka” (ch. 1-2, T., 1966, 1971) asarini ma’lum ma’noda tarixiyLug’at. deyish mumkin). 5. Tilning laxja va shevalariga xos bo’lgan, fonetik yoki semantik jihatdan adabiy tildagi so’zlardan farq qiladigan so’zlarni ko’rsatuvchi dialektal (sheva) Lug’atlar (O’zbek xalq shevalari lug’ati, 1971). 6. So’zning kelib chiqishini ko’rsatib beruvchi etimologik Lug’atlar (Sh. Rahmatullayev. O’zbek tilining etimologik lug’ati, 2000). 7. Bir oilaga mansub tillardagi so’z boyligini solishtirib, ulardagi tafovut qonuniyatlarini o’rganish maqsadida tuziluvchi qiyosiy Lug’atlar (L. Budagov. Sravnitelniy slovar Turesko-tatarskix narechiy, ch. 1-2, S.-Pb., 1869; V. V. Radlov. Opit slovarya tyurskix narechiy: 1-4. S—Pb., 1888-1911). 8. So’zlarning mavjud imlo qoidalariga binoan to’g’ri yozilish shakllarini qayd etuvchi imlo Lug’ati (1929 yildan hozirgacha o’zbek tilining turli hajmli 20 dan ortiq imlo lug’ati tuzilgan; 6500 so’z va so’z shaklini qamrab olgan eng mukammal imlo lug’ati 1975 yil nashr etilgan). 9. So’zlarning adabiy talaffuzi qayd etiladigan talaffuz (orfoepik) Lug’ati (O’zbek tilining orfoepik lug’ati — M. Sodiqova, O’. Usmonova, 1977; O’zbek adabiy talaffuzi lug’ati, 1984; 10. So’zlarning morfem tuzilishini ko’rsatuvchi morfem Lug’at (A. G’ulomov va boshqalar. O’zbek tilining morfem lug’ati, 1977). 11. So’zligi frazeologik birliklardan iborat bo’lgan frazeologik Lug’at (M. Sodiqova. Ruscha-O’zbekcha frazeologik lug’at, 1972; Sh. Rahmatullaev. O’zbek tilining izohli frazeologik lug’ati 1978). 12. So’zlarning qo’llanish miqdori va foizi haqida ma’lumot beruvchi chastotali Lug’at (I. A. Kissen. Slovar naibolee upotrebitelnix slov sovremennogo uzbekskogo literaturnogo yazika, 1972). 13. So’zlar teskari tomondan bo’lgan alifbo tartibiga ko’ra joylashtirilgan ters (chappa) Lug’at (R. Qo’ng’urov va A. Tixonov. O’zbek tilining chappa lug’ati, 1968). 14. So’zlikni tarkib toptiruvchi so’zlar ro’yxati ma’lum mavzularga bo’lib beriladigan tematik (mavzuli) Lug’at (A.Tixonov va boshqalar. Russko-uzbekskiy tematicheskiy slovar, 1975). 15. So’zliklari omonim, sinonim, antonim, paronim singari lug’aviy birliklardan iborat bo’lgan omonimlar Lug’ati, sinonimlar Lug’ati, antonimlar Lug’ati, paronimlar Lug’ati (Sh. Rahmatullaev. O’zbek tili omonimlarining izohli lug’ati, 1984; A. Hojiev. O’zbek tili sinonimlarining izohli lug’ati, 1974; Sh. Rahmatullaev va boshqalar. O’zbek tili antonimlarining izohli lug’ati, 1980; A. Ma’rufov. Paronimlar lug’ati, 1974). 16. So’zligi atoqli otlar yoqi joy nomlaridan iborat bo’lgan antroponimik va toponimik Lug’atlar (E. Begmatov. O’zbek ismlari, 1991; E. Begmatov. O’zbek ismlari ma’nosi. 14600 ism izohi, 1998; Z. Do’simov va X. Egamov. Joy nomlarining izohli lug’ati, 1977). 17. Ma’lum bir yozuvchi yoki asar tilida qo’llangan so’zlarni izohlovchi Lug’at (Navoiy asarlari lug’ati, 1972; Alisher Navoiy asarlari tilining izohli lug’ati, 1 — 4-j.lar, 1983-84; B.Hasanov, “Qur’oni Karim” so’zlarining Arabcha-O’zbekcha ko’rsatkichli lug’ati, 1995). 18. So’zligi ma’lum bir fan va texnika tarmog’i, ijtimoiy yoki xo’jalik hayotining biror sohasiga oid so’z-terminlardan iborat bo’ladigan terminologik Lug’atlar. Bunday Lug’atlar so’zlikning berilishi va izohlanishiga ko’ra, entsiklopedik Lug’at bilan lingvistik Lug’at belgilariga ega bo’ladi (1925 yildan hozirgi kungacha Uzbekistonda 50 dan ortiq soha bo’yicha 140 taga yaqin terminologik lug’at nashr etilgan; ular soha terminologiyalarini tartibga solishga xizmat qiladi). Lug’at turlari yukrridagilar bilan chegaralanmaydi. Yuqorida, asosan, o’zbek lug’atchiligida mavjud bo’lgan va amalda foydalanib kelinayotgan Lug’at turlarigina ko’rsatildi. Bu narsa Lug’atlarning vazifa doirasi naqadar kenglshini va ularning o’ta muhim ahamiyatga ega ekanligini ko’rsatadi. Ad.: Hozirgi o’zbek adabiy tili, T., 1980; O’zbek tili leksikologiyasi, T., 1981; Axmanova O. S, slovar lingvisticheskix terminov, M., 1969; Lingvisticheskiy Entsiklopedicheskiy slovar, M., 1990. Abduvahob Madvaliev.