“Lunoxod”
“Lunoxod” — oy sirtida harakatlanadigan SSSR apparatlari nomi. 1970 yil 10 noyabrda yerdan oy tomon uchirilgan “Luna-17” avtomatik stansiya 17 noyabrda oyning g’arbidagi “yomg’irlar dengizi” deb nom olgan qismiga ohista qo’ndirildi. Shu kunning o’zida undan maxsus moslama orqali oy sirtiga “Lunoxod-1” tushib, o’z harakatini boshladi. Unga yuklatilgan asosiy vazifa oy sirtini kuzatish va kompleks ravishda tekshirishdan iborat edi. U bu ishlarni 1970 yil 17 noyabrdan 1971 yil 4 oktabrgacha davom ettirib, shu davr ichida 10,5 kilometr yo’l bosdi, oy sirtining 80 000 m2 qismini tekshirdi, 200 ga yaqin atrof manzara va 20 000 dan ortiq alohida fotosuratlarni yerga uzatdi. “Lunoxod-1” germetik yopilgan ilmiy-kuzatuv asboblar va har biri elektr dvigatellar yordamida mustaqil harakatlanadigan 8 ta gildirakli aravachadan iborat. “Lunoxod-l” yerdan turib boshqarildi, uning ichiga oy sirtidagi tuproqning kimyoviy tarkibini tekshirish apparatlari, radiometrik moslamalar, rentgen teleskop va lazer qaytargich o’rnatilgan. Oy sirtining tekshirilgan qismi, asosan, bazalt jinslaridan iboratligi ma’lum bo’ldi. Bu o’tmishda oy zaminida kuchli vulqonlar ro’y berganligidan dalolat beradi. 1973 yil 13 yanvarda “Luna-21” avtomatik stansiyasi Oy sirtiga yana bir o’zi yurar avtomatik apparat “Lunoxod-2″ni olib chiqdi. Yanada mukammallashtirilgan bu apparat oydagi Lemone deb ataluvchi kraterga tushirildi. Keng ko’lamda kuzatish va tekshirish olib bora oladigan ilmiy asboblar o’rnatilgan “Lunoxod-2” 4 oy ichida 37 kilometr yo’l bosib, yerga oy sirtining 86 manzarasini va 80 000 dan ortiq fotosuratlarini yetkazdi. Astrofotometr yordamida “Lunoxod- 2” oy osmonining yorug’ligini kuzatib, Yer osmoni yorug’ligidan bir necha marta kuchli ekanligini anikladi. Bundan Oy atrofini chang zarralari qurshab olgan, shu sababli ular Quyosh nurlari va yerdan qaytgan nurlarni atrofga kuchli tarqatib turadi, degan muhim astronomik xulosa kelib chiqadi. Oyga 3 marta “Apollon” kosmik kemasida parvoz etgan amerikalik astronavtlar 2 o’rinli “rover” “Lunoxod”dan foydalanib, ko’nish joyi atrofidan 27— 35 kilometrgacha uzoqlashgan. “Lunoxod”lar “Planetoxod” larning oddiy bir ko’rinishidir. Ad.; Zigel F. Yu., Kometalar nima? T., 1956; Fizika kosmosa, [2-OE izdanie], M., 1985.