Lutfulloh bin Fathulloh Chustiy

Lutfulloh bin Fathulloh Chustiy (taxminan 1485, Farg’ona vodiysi, Axsikent mavzesi — taxminan 1571) — naqshbandiylik tariqatining mashhur namoyandasi. Axsikentdagi madrasada tahsil oladi. Ilmini takomillashtirish maqsadida Samarqandga keladi. Ba’zi manbalarda Xo’ja Ahrorning xalifasi Muhammad qozi huzurida 6 yil tarbiyalangani va sulukni o’taganligi aytiladi. Lutfullohga Maxdumi A’zamning istagi bilan “Farg’ona va Toshkentdagi barcha naqshbandiylik birodarlari” ishonib topshirilgan. Lutfulloh bir necha marta yashash joyini o’zgartirgan. O’zining aytishicha, “Qishloq axlining fitnasi oqibatida” ko’chishga majbur bo’lgan. Oxiri Chustga kelib, muqim bo’lib qoladi. Bu yerda dehqonchilik bilan tirikchilik o’tkazadi. U Shayboniylar orasida nufuz orttirishga muvaffaq bo’ladi. Shu bois o’sha davrda davlatdagi ko’pgina ichki nizolarni bartaraf etishga, saroydagi ayrim bek va amirlarning g’ayriqonuniy xatti-harakatlarini cheklab qo’yishga erishdi. Movarounnahrda kubroviylik tariqati yoyilgan bo’lib, Lutfulloh uning vakillarini ko’p marta Rofiziylik (islom yo’lidan chetga chiqish)da aybladi. Lutfullohning izdoshlari ko’p edi. Ular Toshkent, Farg’onadan tashqari, Hisor xamda Movarounnahrning boshqa chekka viloyatlarida 20-asrning boshlariga qadar faoliyat ko’rsatgan. Lutfullohning ijodiy merosi haqida ma’lumotlar kam. Manoqiblarda uning o’z o’quvchilariga tanbeh tarzida yozilgan 2 ta kichik risolasi tilga olinadi. Lutfullohning qabri qayerdaligi aniq emas. Ba’zi manbalarda u Chustga (bu yerda uning maqbarasi bor), boshqa manbalarda Hisorga dafn etilgan deyiladi. Ad.: Ismoilov M., Ikromov T., Mavlono Lutfulloh Chustiy, Namangan, 1998; Muhammad Mufti Ohangaroniy , Mavlono Lutfulloh Manoqibi, T., 2002. Baxtiyor Bobojonov.