Lyossli plato

Lyossli plato, lyossli tekislik (Xitoy tilida Xuantugaoyuan) — Xitoydagi tabiiy o’lka. Xuanxe daryosi havzasining o’rta qismida. Janubda Tsin- Lin, Sharqda Tayxanshan tizmalari, shimolda Ordos cho’li, shimoli-g’arbda alashan cho’li, g’arbda Kunlun tizmalari bilan chegaralangan. Maydoni 430 ming km2. Relefi asosan, sertepa yassi tekislik bo’lib, balandligi 1200-1500 metr (ba’zi tizmalarning balandligi 2500 ga yetadi). Geologik jihatdan Lyossli plato lyoss bilan qoplangan qalin mezozoy yotqiziqlari bilan to’lgan botiqdir. Lyoss qoplamining qalinligi 100-250 metr. Deyarli to’liq eroziyaga uchragan (1 km2 da 5-6 kilometrli jarliklar bor, chuqurligi 100-150 metrga yetadi). Iqlimi quruq sovuq qishli va yozi issiq mo’tadil iqlim. Yanvarning o’rtacha temperaturasi shimolda -8° dan Janubda — 4°gacha, iyulniki shimolda 22° dan Janubda 24°gacha. Yiliga 500 mm gacha yog’in yog’adi. Daryolar chuqur daralardan oqadi va juda katta miqdorda oqiziq olib ketadi. Lyossli tuproqlarning unumdorligi sababli, hududining katta kismi o’zlashtirilgan, yon bag’irlar sun’iy terrasalangan. Paxta, tariq, gaolyan, bug’doy ekiladi. Tabiiy o’simliklar faqat o’zlashtirish noqulay yerlardagina saqlanib qolgan. Toshko’mir konlari bor. Lyossli platoda aholi zich. Yirik shaharlari — Sian, Tayyuan.