Lyuksemburg

Lyuksemburg (Luxembourg, Luxemburg), Lyuksemburg Buyuk Gersogligi (Grand-Duche de Luxembourd, Grossherzogtum Luxemburg) — G’arbiy Yevropadagi davlat. Maydoni 2586 km2. Aholisi 443 ming kishi (2001). Poytaxti — Lyuksemburg shahri. Ma’muriy jihatdan 3 okrugga, okruglar kantonlarga, kantonlar kommunalarga bo’linadi. Davlat tuzumi. Lyuksemburg — konstitutsiyali monarxiya. Amaldagi Konstitutsiyasi 1868 yil 17 oktabrda kuchga kirgan, unga 1919, 1948 va 1956 yillarda tuzatishlar kiritilgan. Davlat boshlig’i — Buyuk Gersog (2000 yildan Anri). Qonun chiqaruvchi hokimiyat — Deputatlar palatasi (bir palatali parlament). Ijroiya hokimiyatni Buyuk Gersog tayinlaydigan hukumat amalga oshiradi. Lyuksemburgda Davlat kengashi bor, uning 21 a’zosi Buyuk Gersog tomonidan umrbod tayinlanadi. Tabiati. Mamlakat hududining ko’p qismi tepaliklar uchrab turadigan 300— 400 metr balandlikdagi tekisliklardan iborat. Shimolda Ardenna va Reyn slanesli tog’larining tarmoqlari (balandligi 400— 500 metr) joylashgan. Temir ruda, slanes, ohaktosh konlari bor. Iqlimi mo’tadil, yumshoq. Yanvarning o’rtacha temperaturasi 0 dan 2° gacha, iyulniki 17° atrofida. Yillik yog’in 700-800 mm. Daryolari zich, sertarmoq, asosiy daryosi — Mozel. Tuprog’i aksar qismida qo’ng’ir o’rmon va chimli podzol tuproq. Lyuksemburg hududining 1/3 qismi (asosan, shimol) o’rmon. Aholisining 71% Lyuksemburglar 29% chet elliklar (italyanlar, nemislar, frantsuzlar va boshqalar). Rasmiy tillari — nemis, frantsuz tillari va Lyuksemburg shevasi (fransik mozelan), bu sheva 1982 yil avgustdagi qonunga binoan, milliy til maqomini olgan. Dindorlarning aksari katoliklar (95% dan ortiq), protestant, yahudiylar ham bor. Adolisining 86% shaharlarda yashaydi. Yirik shaharlari: Lyuksemburg, Esh. Tarixi. Milodiy boshlarida Lyuksemburg hududi Rim imperiyasi, milodiy 6-7-asrlarda Franklar davlati tarkibiga kirgan. 963 yildan graflik, 1354 yildan gersoglik, Lyuksemburg qal’asi uning markazi bo’lgan. O’rta asrlarda Lyuksemburg hududi Ispaniyaga, so’ng Avstriya va Frantsiyaga tobe bo’lgan. 1814-15 yil Vena Kongressi qarori bilan rasman mustaqil davlat — Lyuksemburg. Buyuk Gersogligi tuzilgan, uni 1890 yilgacha Niderlandiya qiroli boshqargan. Lyuksemburgning hozirgi chegaralari 1839 yil Belgiya-Niderlandiya shartnomasi asosida belgilangan (bu sana Lyuksemburg mustaqilligi yili sifatida bayram qilinadi). 1867 yil London konferentsiyasida Lyuksemburg “abadiy betaraf” davlat deb e’lon qilindi. 1890 yilda Lyuksemburg Niderlandiya boshkaruvidan qutulib, to’la mustaqillikka erishdi. 1921 yildan Belgiya bilan iqtisodiy, jumladan, bojxona Ittifoqida. 1 – va 2-jahon urushlari vaqtida Germaniya Lyuksemburg betarafligini buzib, uning hududini bosib oldi. 1945 yil Fevralda Lyuksemburg hududi Amerika-Angliya qo’shinlari tomonidan ozod qilindi. 1948 yilda L. Konstitutsiyasidan Lyuksemburgning betarafligi haqidagi modda chiqarib tashlandi. Lyuksemburg -1945 yildan BMT a’zosi. 1991 yil 31 dekabrda O’zbekiston Respublikasi suverenitetini tan oldi va 1992 yil 10 iyunda diplomatiya munosabatlari o’rnatdi. Milliy bayrami — 23 iyun — Buyuk Gersog tug’ilgan kun (1921). Siyosiy partiyalari, kasaba uyushmalari. Ko’katparvarlar alternativ partiyasi, 1983 yil tuzilgan; xristian-sotsial partiya, 19-asrning 70-yillarida tashkil topgan; Lyuksemburg sotsialistik ishchi partiyasi, 1902 yilda asos solingan; Lyuksemburg demokratik partiyasi, 1946-47 yillarda vujudga kelgan; Ko’katparvarlarning ekologik tashabbus ro’yxati partiyasi, 1989 yilda tuzilgan: Lyuksemburg Kommunistik partiyasi, 1921 yilda asos solingan; demokratiya va pensiya tengligi uchun harakat qo’mitasi, 1989 yilda tuzilgan. Lyuksemburg umummehnat konfederatsiyasi 1919 yilda tashkil topgan; Lyuksemburg xristian kasaba uyushmalari konfederatsiyasi, 1921 yilda tuzilgan; Lyuksemburg kasaba uyushmalari mustaqil birlashmasi, 1978 yil tashkil etilgan. Xo’jaligi. Lyuksemburg — yuksak darajada rivojlangan industrial mamlakat. Yalpi ichki mahsulotda sanoatning ulushi 24,6%, qishloq xo’jalik ulushi 1,4%. Iqtisodiyotning asosiy tarmoqlari: qora metallurgiya, kimyo, ko’nchilik, tsement, fayans, yog’ochsozlik, tikuvchilik, oziq-ovqat sanoati. Yiliga 1,4 milliard kVt-soat elektr energiya hosil qilinadi. Lyuksemburg aholi jon boshiga cho’yan va po’lat ishlab chiqarishda dunyoda oldingi o’rinlardan birida turadi. Metallurgiya sanoati uchun kerakli ko’mir va koks Germaniyadan, temir rudaning ko’p qismi Frantsiyadan olinadi. Asosiy metallurgiya kombinatlari Lyuksemburg shahri va temir konlari atrofida joylashgan. Domna shlakidan fosforli o’g’itlar ishlab chiqariladi. Asosiy sanoat markazlari: Lyuksemburg (atroflari), Differdanj, Esh, Dyudelanj shaharlari. Qishloq xo’jaligida foydalaniladigan yerlar maydoni 135 ming gektarga yaqin. Kichik-kichik dehqon xo’jaliklari ko’p. Mexanizatsiya va rentabellik darajasi juda yuqori. G’alla (bug’doy, arpa, suli, javdar), kartoshka, sabzavot yetishtiriladi. Daryo vodiylarida bog’dorchilik, tokchilik rivojlangan. Qishloq xo’jaligiga yaroqli yerlarning 50% ga yaqini o’tloqdan iborat. Chorvachilikda jami qishloq xo’jalik mahsulotining 80% hosil qilinadi. Qoramol va cho’chqa boqiladi. O’rmonlarda yog’och tayyorlanadi. Chet el sayyohligi rivojlangan. Lyuksemburg hududidan xalqaro temir yo’l va avtomobil yo’llari o’tadi. Temir yo’l uzunligi — 275 kilometr va avtomobil yo’llar uzunligi — 5 ming kilometr. Aviatsiya transporta rivojlangan. Ishlab chiqariladigan mahsulotning 90% ga yaqini chetga chiqariladi. Chetdan mashina va uskuna, mineral xom ashyo, gazlama, neft hamda oziq-ovqat mahsulotlari va boshqalar keltiriladi. Savdo- sotiqdagi asosiy mijozlari: Yevropa Ittifoqi mamlakatlari. Lyuksemburg — G’arbiy Yevropaning moliyaviy markazlaridan biri. Bu yerda ko’pgina bank va kompaniyalarning idoralari joylashgan. Pul birligi — Lyuksemburg franki; Belgiya franki ham teng muomalada. Maorifi, ilmiy va madaniy-ma’rifiy muassasalari. Lyuksemburgda 6-15 yoshdagi bolalar uchun majburiy bepul ta’lim joriy etilgan. Davlat maktablari bilan bir qatorda xususiy maktablar ham bor. Boshlangich majburiy maktabda o’qish muddati —8—9 yil, o’rta maktabda (pulli) —6—7 yil, zamonaviy litseyda — 6 yil, klassik litseyda — 7 yil. Lyuksemburgda oliy o’quv yurtlari yo’q. 1969 yilda xorijiy universitetlarga borib o’qishga tayyorlovchi universitet markazi ochilgan. 1973 yilda barpo etilgan mehnat universiteti to’la maxsus ma’lumot bermaydi. Mamlakatda bir necha kollej va konservatoriya bor. Ilmiy muassasalari: tabiatshunoslar jamiyati (1872), bakteriologiya laboratoriya, tibbiy tadqiqot kolleji (1818), Buyuk Gersog instituti (tarix, tibbiyot, tabiiy fanlar, tilshunoslik, adabiyot va san’at, ijtimoiy fanlar sektsiyalari bor) va boshqalar. Lyuksemburg shahrida Milliy kutubxona (1798), Milliy muzey va rasmlar ko’rgazmasi mavjud. Matbuoti, radioeshittirishi va teleko’rsatuvi. Lyuksemburgda bir qancha gazeta va jurnallar nashr etiladi. Asosiylari: “Lyuksemburger Vort”, “vua dyu Lyuksemburg”. (“Lyuksemburg ovozi”, nemis va Fransuz tillarida chiqadigan kundalik gazeta, 1848 yildan), “Tageblatsaytung fir Lettseburg” (“Lyuksemburg kundalik varaqa-gazetasi”, nemis va frantsuz tillarida chiqadigan kundalik gazeta, 1912 yildan), “Letseburger jurnal” (“Lyuksemburg gazetasi”, nemis va frantsuz tillarida chiqadigan kundalik gazeta, 1880 yildan), “Repyubliken Lorren” (“Lotaringiya Respublikachisi”, frantsuz tilida chiqadigan kundalik gazeta, 1961 yildan), “tsaytung FUM letseburger follek” (“Lyuksemburg xalqi gazetasi”, nemis tilidagi kundalik gazeta, 1946 yildan), “Sosiale Fortshret” (“ijtimoiy taraqqiyot”, nemis tilida 2 haftada bir marta chiqadigan jurnal, 1920 yildan), “Eko de l’ endyustri” (“Sanoat aks sadosi”, frantsuz tilidagi oylik jurnal, 1920 yildan), “ogb-L—AK- tyuel/aktyualite” (Lyuksemburg kasaba uyushmalari mustaqil birlashmasining nemis, Fransuz tillarida va Lyuksemburg shevasida chiqadigan haftanomasi, 1919 yildan). Radio — tele Lyuksemburg xususiy kompaniyasi, 1931 yilda tuzilgan; u “Kompani lyuksemburjuaz de telediffyuzon”ning bosh kompaniyasidir. Me’morligi. Lyuksemburg hududidan ibtidoiy madaniyat yodgorliklari (dolmenlar, toshdan yasalgan hashamatli maqbaralar, sopol idishlar), keltlarning badiiy hunarmandchilik buyumlari, Rim hukmronligi davriga oid hammom, qo’shin qarorgoxlari, minoralar, qabariq tasvirlar, naqshlar topilgan. Ilk o’rta asrlarda Vianden qal’asining roman uslubidagi ibodatxonasi, Externax monastiri va Bazilika turida Sankt-Villibrordus cherkovi qurilgan. Shu davrga mansub ko’pdan-ko’p qasr va qal’alarning xarobalari, ayniqsa, Ardenna tog’i etaklarida ko’plab saqlanib qolgan. 16-asr 2-yarmidagi ayrim inshootlarda Uyg’onish davriga xos haykaltaroshlik asarlari bilan bezatilgan belgilar (Lyuksemburg shahridagi ratusha, hozirgi gersog saroyi) paydo bo’ldi, 17-asrda barokko uslubida Vitranj, Vils va boshqa qasrlar qurildi. 17-asr 2-yarmida qasrlarning strategik ahamiyati yo’qolib, ular zodagonlarning xususiy qarorgohlariga aylandi. Katta va kichik yangi qasrlar qurildi, eskilari ta’mirlandi, hashamdor qilib bezatildi. 19-asrda klassisizm, 20-asr boshlarida eklektika yoyildi. Zamonaviy me’morlik namunalaridan radio uyi, Milliy teatr, esh va Dyudelanj yaqinidagi turar joylarni, Mershdagi kimyo zavodi binosini ko’rsatish mumkin. Tasviriy san’ati. 8— 10-asrlarda miniatyura vujudga keldi. Jumladan, Externax miniatyura maktabi shuhrat qozondi. 14-16-asrlarda cherkovlar go’zal rasmlar bilan bezatildi, haykaltaroshlik rivojlandi. 18-asrning 2-yarmida bezakli amaliy san’at (fayans, mebel, metall buyumlar yasash) ravnaq topdi. 19-asr san’atida (J. B. Freze, M. Kirsh kabi rassomlar asarlarida) frantsuz maktabining ta’siri seziladi. 1-jahon urushidan keyin frantsuz fovizmi va nemis ekspressionizmi urf bo’ldi. Mashhur mo’yqalam sohibi Y. Kutter ijodi bunga misol bo’la oladi. Uning asarlarida xo’rlangan nochor kishilar taqdiriga achinish tuyg’usi aks etgan. Rassomlar V. Kesseler, J. Probst, M. Xofman va b. A. Matiss, P. Pikasso yo’lidan bordilar, haykaltarosh L. Verkole abstrakt kompozitsialar yaratdi. O’zbekiston — Lyuksemburg munosabatlari. 1996 yil Italiyaning Florentsiya shahrida tuzilgan “O’zbekiston Respublikasi bilan Yevropa Ittifoqi o’rtasida sheriklik va hamkorlik haqida bitim” O’zbekiston bilan Lyuksemburgning savdo-iqtisodiy munosabatlari uchun ham huquqiy negiz yaratdi. 1997 yil iyulda Lyuksemburgda ikkala davlat o’rtasida ikkiyoqlama soliq solinishiga yo’l qo’ymaslik hamda daromad va sarmoyadan soliq to’lashdan bo’yin tovlanishining oldini olish qaqida Konventsiya imzolandi. 1998 yil aprelda O’zbekiston bilan Belgiya—Lyuksemburg Iqtisodiy Ittifoqi o’rtasida investitsiyalarni rag’batlantirish va o’zaro himoya qilish to’g’risidagi bitimga imzo qo’yildi. O’zbekiston Respublikasi bilan Lyuksemburg o’rtasidagi tovar aylanmasi 2000 yilda 0,4 million AQSh dollarini tashkil etdi. O’zbekiston Respublikasida Lyuksemburgning transport xizmati ko’rsatuvchi “Astros S.A.”firmasining vakolatxonasi mavjud.