Magnoliya
Magnoliya (Magnolia) — Magnoliyadoshlar oilasiga mansub doim yashil yoki barg to’kadigan daraxtlar turkumi. Sharqiy va Janubiy-Sharqiy Osiyo, Shimoliy Amerikaning Janubi-sharqi hamda Markaziy Amerikada 80 ga yaqin turi bor. O’zbekistonda 3 turi manzarali o’simlik sifatida o’stiriladi. Shundan yirik gulli Magnoliya doim yashil manzarali daraxt sifatida tarqalgan. O’zbekistonda o’stiriladiganining bargi kuzda to’kiladi. Bo’yi 10-13 metr oralig’ida. Barglari ellipssimon yoki tuxumsimon, yaltiroq, bandli, ketma-ket joylashgan. Gullari yirik, oq, xushbo’y, yakka. Bargi tarkibida efir moylari, glyukozidlar, po’stlog’i va ildizida alkaloidlar bor. Bargidan tayyorlangan suyuq eksrakt qon bosimini pasaytirishda qo’llanadi.