Mahmud Tarobiy – ozodlik kurashchisi
Mo’g’ul qo’shinlari uch yil mobaynida Turkiston zaminini qonga belab va vayronaga aylantirib o’zlarining hukmronligini o’rnatdilar. Yillar o’tib boraberdi, lekin qirg’in-barotlarni va vayronagarchiliklarning dahshatli oqibatlari hamon ko’zga tashlanib turdi. Shu bois bu g’oyatda fojeali voqeaning tilga olmagan birorta tarixchini topish amri mahol. XIII asrning ikkinchi yarmi – XIV asrning boshlarida yashagan Rashididdin shunday yozgan edi: “Solnomalarni aql-idrok bilan o’rganish shu haqda guvohlik beradiki inson zoti dunyoga kelgandan buyon mo’g’ul qo’shinlari tomonidan qilingan vayronalar hech bir mamlakatda bo’lgan emas. Chingizxon va uning avlodlariga o’xshab odamlarni ko’p kirgan va ko’p mamlakatlarni bosib olgan hukmdorlar hech qachon bo’lmagan. Hatto, nomi chiqqan jahongashta makedoniyalik Aleksandr ham Chingizxonga tenglasha olmaydi. Chingizxon shohmay harakat qilib ko’p xalqlarni bo’ysindirdi. Uning o’g’illari va so’ngra avlodlari urushib olingan yerlarni saqlash bilan bir vaqtda boshqa mamlakatlarni ham bosib oldilar. Bosqinchilarning urushi jarayonida yirik shahar va viloyatlarning aholisi shu darajada ko’p o’ldirildiki, tirik qolganlar ozchilikni tashkil etdi. Masalan, Turkiston, Balx, Shaburgan, Talikan, Marv, Saraxs, Hirot, Ray, Hamadon, Qum, Isfahon, Marag, Ardabil, Barda, Gyandja, Bag’dod, Mavsil, Irbil va boshqa bu shaharlarga tegishli viloyatlarda shunday fojea sodie bo’lgan edi… Mo’g’ul qo’shinlari ko’p o’tib turgan viloyatlarda esa odamlar ko’p o’ldirilgan yoki ular qochib jon saqladilar. Turar joylari esa kultepaga aylantirildi. Hozirda faqat o’ndan bir qismi joylardagina obodonchilik va bunyodkorlik ko’zga tashlanmoqda. To’g’ri ayrim joylarda sun’iy sug’orish, bozorlarni va shaharlarni tiklashga harakat qilinmoqda, lekin bu ishlarning oxiriga yetkazilmaganligi guvohi bolib turibmiz. Bordiyu ko’rsatilgan ishlar nihoyasiga yetkazilganda ham vayrona bo’lib yotgan joylarda solishtirsa hech narsaga arzimaydi…”. Darhaqiqat Turkiston hududida shahar va qishloqlar o’zlarining asl holiga kelmagan edi. Bu kamdek mo’g’ul hukmdorlarining zulmi va talon-taroji tobora kuchayib bora berdi. Ma’lumki ular ko’chmanchi va yarim ko’chmanchi bo’lganliklari uchun davlat boshqaruvi bo’yicha bilimga tajribaga ega bo’lmaganlar. Shuning uchun ular mahalliy yuqori tabaqaning sotqin guruhlariga tayangan holda ish yuritdilar. Xususan, Chingizxonga katta yordam bergan Mahmud Yalavoch Movarounnahrnning boshqaruvchisi etib tayinlandi. Bu kishi Xo’jand shahrini o’ziga poytaxt etib, bosqinchilarga sidqidillik bilan xizmat qiladi. U shu darajada boyib ketgan ediki, o’lkadan olinadigan soliq va boshqa to’lovlarni oldindan bosqichilarga o’z hisobidan to’lagan. So’ngra yil davomida soliqlarni oshig’i bilan o’z foydasiga yig’ib ola bergan.
Mahmud Yalavochning ixtiyorida mo’g’ullardan tashkil topgan harbiy qismlar bo’lib, ular butun o’lka xalqini o’z sirtmog’ida ushlab turganlar. O’sha harbiy qismlarning ta’minoti xalqning zimmasiga yuklatilgan edi.
Xullas, mo’g’ullarning hukmronligi moddiy va ma’naviy qashshoqlikni, adolatsizlik va zo’ravonlikni keltirdi, xolos. Agar xalq mana shunday misli ko’rilmagan og’ir hayotga qarshi bosh ko’tarsa yuqorida ta’kidlangan fojealarning takrorlanishi turgan gap edi. Ammo xalqning erksevarligi ustun kelib qo’zg’olon ko’tardi. Bunga Buxoro yaqinidagi Tarob qishlog’ida elakchilik kasbi bilan shug’ullanuvchi Mahmud Tarobiy boshchilik qildi. U jamoa ahliga shunday dedi: “Ey adolat himoyachilari! Nima uchun kurashni kutishimiz va kechiktirishimiz kerak, mamlakatni g’ayridinlar (mo’g’ullar)dan ozod etish zarur. Har kim darhol qurollanib ishga kirishsin!”. Xalq olomoni bu chaqiriqni to’la quvvatlab qo’llariga nima tushsa shular bilan qurollanib, shaharga bostirib kirdilar. Ular bu yerda hokimiyat saroyini egalladilar. Qo’zg’olonni uyushtirishda taniqli olim Shamsiddin Mahbubi faol qatnashadi. U mazlum xalqni kurashga da’vat etib Mahmud Tarobiy bilan birga qo’zg’olonga boshchilik qiladi. Kun sayin qo’zg’olonga qo’shilgan dehqon va hunarmandlarni soni oshib bordi. Ular bosqinchilar xizmatini qilib boyigan kishilarni o’ldirdilar va mol-mulkini taladilar. Shahar ma’muriyatinign vakillari qo’zg’olon haqida Xo’janddagi Mahmud Yalavochga yordam so’rab choparni yubordilar. Shuningdek Mahmud Tarobiyni yashirincha o’ldirish rejasini tuzdilar. U bundan xabar topib, xavfsizlikni ta’minlash maqsadida shaharning biqinidagi Abu Xafas nomli tepalikka o’rnashadi. Bu yerda uning atrofiga uzoq-yaqin joylardan kelgan ko’p odamlar jipslashadi. So’ngra u katta kuch bilan shaharga kelib hokimiyat saroyiga o’rnashib nufuzli kishilarni huzuriga taklif etadi. Bu vaqtda uning mavqei shu darajada kuchayib ketgan ediki, ruhoniylarning sardori Burxoniddin Mahmud Tarobiyga xalifalik hokimiyati vakolatini beradi. Bu bilan uning hokimiyati rasmiylashtirilgan edi. Shundan keyin Mahmud Tarobiy mo’g’ullarning xizmatidagi nufuzli kishilarni o’ldirtiradi, mol-mulkini talatadi. Hamda xalqning, xususan kambag’allarning manfaatini ko’zlab ish yuritadi.
Mahmud Tarobiyning jazosidan qochib qutilgan mahalliy yuqori tabaqa vakillari Karmanaga borishib, mo’g’ullar bilan birgalikda harbiy tayyorgalikni ko’radilar. O’z navbatida Mahmud Tarobiy ham dushmanga qarshi jangga tayyorlanmoqda edi. Shu orada shahar atrofidagi qishloqlarning aholisi bolta, ketmon va boshqa narsalar bilan qurollanib, qo’zg’olonchilarga qo’shildilar. Ko’p o’tmay qo’zg’olonchilar bilan mo’g’ullar qo’shinlarining o’rtasida qattiq jang bo’lib 10 ming kishi o’ldirildi. Ammo jangda Mahmud Tarobiy va Shamsiddin Mahbubi halok bo’ldilar. Natijada qo’zg’olonchilar o’zlarining mohir boshliqlaridan judo bo’lishib og’ir ahvolga tushib qoldilar. Mahmud Tarobiyning ukalari – Muhammad va Ali qo’zg’olon rahbarligiga o’tkazildi. Biroq ular qobiliyatsiz kishilar bo’lib chiqdilar. Bu qo’zg’olonchilarga salbiy ta’sir ko’rsatdi. O’sha ko’rsatilgan jangdan bir hafta o’tgandan keyin Ildiz nuyon va Chaqan ko’rchi boshchiligida katta qo’shin Buxoroga kelib qo’zg’olonchilarga qarshi hjum qiladi. Har ikki tomon o’rtasida dahshatli jang bo’lib qo’zg’olonchilardan 20 ming kishi o’ldirildi. Bunchalik ko’p sonli kishilarning o’ldirilishi qo’zg’olonni g’oyatda keng quloch yoyganligidan dalolat beradi. Bu yerda favqulodda o’ldirilmay qolgan va qochgan kishilarni hisobga olsak u vaqtda qo’zg’olonchilarning soni yana bir necha mingga ko’payadi. Urush paytida Mahmud Tarobiyning ikkita ukasi ham o’ldiriladi.
Qo’zg’olonning ko’tarilishi va dushmanga qarshi olib borilgan qattiq janglar o’zbek xalqining mustaqillik va ozodlik g’oyasining mahsuli hisoblandi. Bu g’oya mo’g’ul hukmdorlarining vahshiyona qirg’ini va vayronalariga qaramay o’zining kuch-qudratini namoyish etgan edi.