Mamarasul Boboyev (1911-1969)
Iste’dodli shoir Mamarasul Boboyev o‘z asarlarida aniq voqelikni, inson go‘zalligini kuylab, kishilarning yorqin obrazini yaratishga intildi. Mamarasul Boboyev Samarqand viloyatining Kattaqo‘rg‘on shahrida 1911 yil 3 aprel kuni tug‘ildi. U dastlabki ma’lumotni Navoiy nomli maktabda oldi. Shoir 1927 yilning kuzida Buxorodagi qishloq xo‘jalik texnikumiga o‘qishga kirdi.
1934—1938 yillarda Mamarasul Boboyev Toshkent Davlat pedagogika instituti til va adabiyot fakultetining sirtqi bo‘limini tamomladi. 1939 yili «Guliston» jurnalida uning «Ulug‘bek» tarixiy dostoni bosilib chiqdi. U 1941 —1946 yillarda Ikkinchi jahon urushida qatnashib, Eronda xizmat qildi.
Mamarasul Boboyev «Vatan sha’niga» (1939), «Shodiyona» (1950), «Quyosh yo‘li» (1951), «Sevgan qo‘shiqlarim» (1956), «Ota quvonchi» (1959), «Yangra, rubob» (1961), «Ayni yoz» (1961), «Yuragimning aytganlari» (1963) singari qator she’riy to‘plamlarning muallifidir.
Lermontov, Nekrasov, Simonov, Vurg‘un, Quliyev, Musa Jalil, Tumanyan, Rasul Hamzatov kabi shoirlarning asarlari Mamarasul Boboyev tarjimasida o‘zbek kitobxonlariga borib yetdi. Uning «Eron osmoni ostida» turkum she’rlari xorijiy Sharq mavzuidagi yaxshi asarlar sirasiga kiradi.
U 1969 yil 23 iyul kuni Toshkentda vafot etgan.