Mang’lay, Manqlay

Mang’lay, Manqlay (mo’g’, peshona)-temuriylar davri tarixiga oid forsiy adabiyotda hamda chig’atoy adabiy tili manbalarida qo’shinning ilg’or qismi, ya’ni avangard. Harbiy safar yoki jang maydonida tuzilgan jangovar tartib – yasolga binoan, Mang’laydan bir necha chaqirim oldinda ayg’oqchilik bilan mashg’ul bo’lgan qorovul harakat qilgan. Mang’layning o’ng va chap tarafidan o’ng qo’l-barang’ar hamda so’l qo’l-juvang’arning ilg’orlari joy olgan. Mang’lay ortidan barang’ar va juvang’arning qolgan ikki bo’lgagi, ya’ni chapovul va shaqavul peshma-pesh kelgan. Bularning o’rtasida jangning aksar hollarda taqdirini hal qiluvchi asosiy kuchlar-qo’l (g’o’l) saf tortib turgan. Mang’lay boshqa qismlarga nisbatan oldinda yurgan va dushman saflarini yorib o’tish vazifasini o’tagan. Shu bois Mang’layga iste’dodli sarkardalar yoki harbiy salohiyatga ega shahzodalar qo’mondonlik qilgan. Mang’lay, asosan, ko’pdan-ko’p jangu jadallarda suyagi qotgan, tajribali jangchilardan tuzilgan.