Matematikani kim ixtiro etgan?
Matematika — sonlar, miqdorlar, shakllar bilan ish ko’radigan fan. Matematika bilimisiz umuman hozirgi hayotning yuzaga kelishini tasavvur qilib bo’lmaydi. Masalan, agar quruvchilar o’lchashni, hisoblashni va bunyod etishni bilishmasa, biz yaxshi uylarga ega bo’la olmas edik. Agar tashqi ko’rinishi kelishtirib bichilmasa, ya’ni hamma tomoni obdon aniq o’lchab tayyorlanmasa, kiygan libosimiz ham g’oyat qo’pol, ko’rimsiz bo’lar edi. Temir yo’llar, kemalar, tayyoralar, hech bir ulkan sanoat, tijorat ham bo’lmas edi. Va nihoyat, radio, televideniye, kino, telefon va umuman madaniy borligimizning tarkibiy qismlari bo’lgan yana boshha minglab narsalar ham dunyoga kelmas edi. Matematikani qo’llanish, “qanchaga?”, “Qanchalik uzoq?” kabi o’lchovlar biz yashayotgan borliqning hayotiy, tarkibiy qismlarini tashkil etadi. O’tmishdagi ajdodlarimiz bizga nisbatan ancha sodda, ibtidoiy holatda yashashgan, biroq baribir ular ham raqamlarning qo’llanishiga ehtiyoj sezishgan. Qadimgi odam o’zi ega bo’lgan narsalarning hisob-kitobini qilishni xohlagan. Qancha asbob-uskunasi bor? Qancha quroli bor? Qoramoli nechta? — bilmog’i lozim edi. Odamzot miqdor-son bilan bogliq o’y-fikrlarini boshqalarga ham yetkazish zaruratini his etganidan keyin u matematikadan foydalana boshladi. Umuman olganda, hisob-kitob matematikaning boshlanishi edi. Hisoblash san’ati uzoq zamonlar mobaynida shakllanib, taraqqiy topdi. Dastlab hisob-kitob devorlarga o’yilgan eslatma kertma belgilar yoki “papirus” deb atalgan qog’ozning bir xiliga bitilgan shakl-alomatlar tarzida ifodalanadi. Qadimgi odam bu so’zsiz-bayonsiz mixxatlarga qarab, “qancha?” degan savolga javob topgan. Zamoni kelib, qadimgi misrliklar, ulardan keyin yunonlar va rimliklar yanada takomillashgan miqdor-son tizimini yaratdilar. Biroq, hisoblash, bu, albatga, matematikaning tarkibiy qismidir, xolos. Shakl tafakkuri va katta-kichiklik miqdorini o’lchash ham inson uchun muhimdir. Qadimgi odam kundalik hayotida, garchi shaklning aniq o’lchamiga erisholmagan bo’lsa ham, biroq bunga intilgan. Masalan, o’zining ibtidoiy kulbasini bunyod etishda u to’g’ri burchak va doirasimonlik holatlari bilan hisoblashgan. Bu — matematikaning turmushda ilk bor ibtidoiy darajasida oddiy, amaliy qo’llanishi edi. Shu bilan birga, matematika mavjud narsa-ashyolardan, mantiqiy xulosalar chiqarish uchun zarur bo’ldi. Masalan, biz geometriyada hamma narsani qog’ozda ifodalaymiz va qog’ozda masalaning yechimini topamiz. Shundan keyin uni kundalik turmushga tadbiq etamiz.