Mavayeva Gulnora Nizomovna
Mavayeva Gulnora Nizomovna (1931. 30.7, Samarqand) — balerina, raqqosa. O’zbekiston xalq artisti (1964). Tamaraxonim nomidagi balet maktabida (1939-41), Navoiy teatrining balet studiyasida (1944-48) ta’lim olgan. Moskva xoreografiya bilim yurti qoshidagi o’zbek balet studiyasini (1951), Leningrad xoreografiya bilim yurtining pedagogika bo’limini (1971) tugatgan. 1945-49 va 1951-67 yillar Navoiy teatrida etakchi balet solisti. Toshkent xoreografiya bilim yurtida (1971 yildan; 1975-78 yillar badiiy rahbar), hamda Toshkent madaniyat instituti (1974-78), Misr (1979-80), Yaman (1980-81) balet maktablarida, 1982 yildan Toshkent davlat milliy raqs va xoreografiya oliy maktabida mumtoz raqs o’qituvchisi. Mumtoz va jahon baletlarida bir qancha partiyalarni ijro etgan: Mariya, Zarema (B. Asafev, “Boqchasaroy favvorasi”). Esmeralda (Ch. Puni, “Esmeralda”). Siren pariey, Avrora (P. Chaykovskiy, “Uyqudagi go’zal”). Suyumbeka (F. Yarullin, “Shurale”), Mirta (A. Adan, “Jizel”), Xuanita (K. Glyuk, “Don Juan”) va b. O’zbek baletlaridagi Gulnora (G. Mushel, “Raqqosa”), Oynisa (D. Zokirov, B. Gienko, “Oynisa”), Lola (Ik. Akbarov, “orzu”) kabi partiyalarida Yevropa mumtoz raqsini an’anaviy o’zbek raqs harakatlari bilan uyg’unlashtirishga intilgan. Mavayeva o’zbek mumtoz, xalq va zamonaviy raqslarning ham mohir ijrochisidir. U ko’proq lirik raqqosa bo’lib, raqslari jozibador va nafisligi bilan ajralib turadi. Eng yaxshi raqslari: “Katta o’yin”, “pilla”, “Farg’ona ruboiysi”, “orzu”, “Bahor”, “sho’x qiz”, “Ey sarvi ravon”, “O’ynasin”, “raqqosa”, “Zebunniso” va boshqalar.