Mavlonova Hanifa Muhiddinovna

Mavlonova Hanifa Muhiddinovna (1924, Xo’jand) — xonanda (lirik-dramatik soprano). Xalq artisti (1968). Xo’jand musiqa bilim yurtini (1936), Moskva konservatoriyasini (1959) tugatgan. Xo’jand yosh tomoshabinlar teatri (1937-39), Xo’jand musiqali drama teatri (1939-43), 1943 yildan S. Ayniy nomidagi opera va balet teatrining yetakchi aktrisasi. Mohin (“Tohir va Zuhra”), gulro’ (“Po’lat va gulro'”), Maysara (“Maysaraning ishi”), Nisso (“Baxtiyor va Nisso”), Mariya (“Mazepa”), Yaroslavna (“Knyaz Igor”), Margarita (“Faust”), Dezdemona (“Otello”) kabi rollari bilan shuhrat qozondi. M.ning ovozi diapazoni keng, yorqin va jarangdorligi bilan ajralib turadi. Mavlonova tojik va o’zbek mumtoz qo’shiqlari hamda zamonaviy qo’shiqlarning mohir ijrochisi sifatida tanilgan.