Mikroskopni kim ixtiro qilgan?
Mikroskop so’zining kelib chiqishi yunonchadir: bu so’zning birinchi qismi — “kichik”, “mitti” ma’nosini anglatsa, ikkinchi qismi — “kuzatuvchi” ma’nosini beradi. Mikroskop, shunday qilib, qandaydir o’ta kichik narsani ko’zatmoq demakdir. Mikroskopni Sharqda “zarrabin” deyishgan. Zarrabin — ko’z ilg’amas juda kichik, mayda narsalarni tekshirish uchun moslashgan asbob. Umuman olganda, tekshiriladigan narsa ko’zga yaqin tutilsa, kattaroqdek tuyuladi. Lekin uni ko’zga taxminan 25 santimetrdan-da yaqinroqdan olib qaralsa, umuman nazarga chalinmasligi mumkin. Bunday payt, narsa “fokusdan tashqarida” joylashgan, deyiladi. Bordi-yu, ko’z va tekshiriladigan narsa orasiga oddiy qabariq linza o’rnatilsa, u 25 santimetrdan yaqin bo’lsa-da, baribir “fokus” da bo’ladi. Buni kattalashtirib ko’rsatuvchi shishadan foydalanishga qiyoslash mumkin. Va oddiy kattalashtiruvchi shisha — bu qadimdan qo’llanib kelinayotgan sodda zarrabindir. Shu boisdan, zarrabinning ixtiro etilishi to’g’risida gapirar ekanmiz, biz murakkab qurilmali mikroskopni nazarda tutamiz. Shu topda ham gap aynan ana shunday, takomillashgan mikroskop haqida ketayapti. Murakkab zarrabin qanaqa asbob? Buningdek zarrabinda kattalashtirib ko’rsatish ikki darajada, ikki bosqichda yuz beradi. “Ob’yektiv” deb atalgan linza dastlabki kattalashtirilgan tasvirni beradi. Bundan tashqari, “okulyar” deb atalgan yana boshqa linzalar ham borki, ular o’sha kattalashtirilgan tasvirni yanada kattaroq hajmda namoyon etadi. Amaliyotda foydalaniladigan ob’yektiv va okulyarlarda bir necha linzalar bo’ladi, biroq aslida tasvirning kattalashtirilishi ikki bosqichda amalga oshiriladi. Murakkab mikroskop 1590 va 1610 yillar oralig’ida ixtiro etilgan edi. Garchand, zararbinni aniq kim yaratganligini hech kim bilmasa-da, biroq uning dunyoga kelishini Galileyning nomi bilan bog’lashadi. Ba’zida zarrabinning otasi deb daniyalik olim Levengukni tan olishadi. Biroq mazkur e’tirof Levenguk tomonidan zarrabinda ko’pgina ilmiy kashfiyotlar qilinganligi uchun ham tug’ilgan. Levenguk zarrabin yordamida uzunburunlilar, burgalar va shunga o’xshash boshqa mayda hashoratlar qandaydir noma’lum yerdan urchimay, balki tuxumdan yorib chiqishini isbot qildi. U birinchilardan bo’lib, protoza va bakteriya singari zarrabinbop mavjudotlarni kashf etgan olimdir. Hozirgi kunda zarrabin ilm-fanda va sanoatda o’ta zarur asbobga aylandi.