MILLATCHILIK

MILLATCHILIK — millat ayirish; o’z millatining haqhuquqlarini boshqa millatlar haq-huquqidan yuqori qo’yish, o’z ehtiyojlari va manfaatlarini o’ylab, boshqa millatning yoki boshqa xalqlar vakillarining ehtiyoj va manfaatlarini nazar-pisand qilmaslik. Millatchilik milliy biqiqlik, millatparastlikka asoslanib, milliy nizo, ixtiloflarga sababchi bo’ladi, jamiyat hayotini, tinchlik va barqarorlikni izdan chiqarishi mumkin. Millatchilik va «tajovuzkor Millatchilik» tushunchalarini farqlash lozim. Millatchilik o’z millatining manfaatlarini yuqori qo’yishga intilish orqali bir millatni bilib-bilmay ulug’lab, bu bilan milliy totuvlikka xavf tug’dirsa, tajovuzkor Millatchilik jamiyatdagi hamjihatlikka ochiq-danochiq qarshi chiqadi. Millatchilik ayrim soxta millatparvarlik g’oyalariga tayanib, milliy o’zligini anglash bilan bog’liq milliy til, milliy ruhiyat, milliy ong, milliy g’urur, milliy-ma’naviy qadriyatlar va shu kabilarni qurol qilib oladi. Aslida Millatchilikda milliy o’zligini anglash yotdir. Chunki, milliy o’zligini anglash o’z milliy xususiyatlari va o’ziga xoslikni tan olish bilan birga boshqa millatlarga xos barcha fazilatlar va qadriyatlarni ham e’tirof etish va ulardan foydalanishni taqozo qiladi. Millatchilikning siyosiy tusda namoyon bo’lishi salbiy oqibatlar keltirib chiqaradi, davlat va millatning xavfsizligigagina emas, ayni vaqtda mintaqaviy, keng ko’lamli xavfsizlikka tahdid soluvchi kuchga aylanadi. Tajovuzkor Millatchilik shovinizm, buyuk davlatchilik shovinizmi, irqchilik, fashizm g’oyalari bilan uzviy bog’liqdir. Demokratik jamiyatda bunday Millatchilik ko‗rinishlariga yo’l qo’yilmaydi.