Mo’ynoq

Mo’ynoq — Qoraqalpog’iston Respublikasi Mo’ynoq tumanidagi shahar (1963 yil 27 iyuldan). Tuman markazi. Qoraqalpog’istonning eng shimoliy shahri. Orol dengizining suvi chekinmasdan avval dengizning Janubiy-g’arbiy sohilida joylashgan edi. Nukus shahridan 180 kilometr shimolda, yaqin temir yo’l stantsiyasi — Qo’ng’irot (100 kilometr). Yanvarning o’rtacha temperaturasi -7,4°, iyulniki 26,3°. Kuchli shamollar bo’lib turadi. Aholisi 13,6 ming kishi (2000). O’tmishda shahar sanoatida hunarmandchilik asosiy o’rin tutgan. Konserva kombinati, paxta tozalash, non zavodlari, bosmaxona, madaniy va maishiy xizmat shoxobchalari, umumiy ta’lim maktablari, sanoat transport kasb-hunar kolleji, biznes maktabi, kutubxona, klub, madaniyat va istirohat bog’i, stadion, cho’milish xavzasi, kasalxona bor. Orol dengizining Mo’ynoqdan uzoqlashishi, murakkab ekologik holat shahar qurilishiga, sanoatning rivoji va madaniy hayotiga o’z ta’sirini o’tkazdi.