Murod Muhammad Do‘st (1949)
Murod Muhammad Do‘st 1949 yil 12 aprelda Samarqand viloyatining Jom qishlog‘ida tug‘ilgan. ToshDUning tarix fakultetining falsafa bo‘limini tugatgan (1971). Moskvadagi Adabiyot institutida o‘qigan (1974—79). «O‘zbekfilm» kinostudiyasida, «Sharq yulduzi» jurnalida faoliyat ko‘rsatgan.
Dastlabki hikoyalar to‘plami — «Qaydasan, quvonch sadosi?» (1976). Shundan keyin «Mustafo» (1977), «Bir toychoqning xuni» (1979), «Galatepaga qaytish» (1983), «Dashtu dalalarda» (1987) singari hikoya va qissalari nashr etilgan.
Shundan so‘ng u turg‘unlik davrining ma’naviy, iqtisodiy va siyosiy tanazzulidan hikoya qiluvchi «Lolazor» (1988) romanini yaratdi. Bu roman 1990 yilda Hamza mukofotiga sazovor bo‘ldi.
Murod Muhammad Do‘stning ayniqsa, «Galatepaga qaytish» nomli qissasi talabchan kitobxon va adabiyotshunos—munaqqidlar e’tiborini qozondi. Zero, undagi G‘aybarov ham adabiyotda uchramagan yangicha dunyo, yangicha tafakkur kishisi sifatida endigina kirib kelaboshlagan edi. «Lolazor» romanida esa ana shu yangicha tafakkur tig‘ida yemirila boshlagan kommunistik mafkuraning chirishi, istiqlol shamchirog‘ining esa yona boshlaganligiga imo-ishora bor edi.
Asarlari asosida badiiy filmlar suratga olingan.