Mustamlakachilik

Mustamlakachilik-kuchli davlatlar tomonidan zo’rlik bilan egallangan mamlakat yoki hududni siyosiy va iqtisodiy mustaqillikdan mahrum etib, o’ziga bo’ysundirish, qaram qilish, talash siyosati. XV asr oxirida Yevropa davlatlari (Portugaliya, Ispaniya, Angliya, Fransiya, Gollandiya) ana shunday siyosat yurita boshladilar. Bunday amaliyot XX asr boshida avjiga chiqdi, natijada dunyoning katta qismi bir necha imperiyalar o’rtasida bo’lib olindi. Bu davrga kelib eski mustamlakachi davlatlar yoniga yangilari: AQSh, Germaniya, Belgiya, Yaponiya, Rossiya qo’shildi. 2-jahon urushi (1939-1945) tufayli kuchayib ketgan milliy-ozodlik harakatlari sanoqli yillar ichida mustamlaka imperiyalarining yemirilib, qulashiga olib keldi. BMTning Bosh Assambleyasi mustamlaka mamlakatlari va xalqlariga mustaqillik berish to’g’risida Deklaratsiya qabul qildi (1960), unda Mustamlakachilik insoniyatga qarshi jinoyat sifatida baholanadi.