Myunxen
Myunxen — Germaniyadagi shahar, Alp tog’lari etagida, Izar daryosi bo’yida. Bavariya yerining ma’muriy markazi. Aholisi 1,2 million kishi (1999). Transport yo’llarining yirik tuguni. Aeroporti xalqaro ahamiyatga ega. Mamlakatning muhim sanoat, savdo-moliya, ilmiy va madaniy markazlaridan. Elektrotexnika, radioelektronika, optika-mexanika, umumiy va transport mashinasozligi (jumladan, avtomobilsozlik, lokomotivsozlik va samolyotsozlik), harbiy, kimyo, trikotaj, poligrafiya, oziq-ovqat sanoati korxonalari mavjud. Metropoliten qurilgan. Maksimilian nomidagi universitet, Fanlar Akademiyasi, nafis san’at akademiyasi, Bavariya milliy muzeyi, etnografiya muzeyi, kartinalar galereyasi, gliptoteka (haykaltaroshlik san’ati muzeyi) va boshqalar bor. Myunxen o’rnida 8-asrda qishloq bo’lgan. 1158 yildan shahar huquqini olgan. 13-asrdan 1871 yilgacha Bavariya poytaxti. Germaniya imperiyasi tuzilgach (1871), shahar Bavariya bilan birgalikda uning tarkibiga kirgan. Me’moriy yodgorliklardan 13— 19-asrlarda qurilgan binolar saqlangan. Myunxenda muntazam ravishda xalqaro yarmarkalar o’tkazilib turiladi. 1972 yilda Myunxenda 20-Olimpiya o’yinlari bo’lib o’tgan.