Naim Said
Naim Said, Saidov Naim (1902, Qo’qon – 1939.2.6, Toshkent) – jurnalist va tarjimon. Qo’qondagi Madrasa, “yangi usul” va “namuna” maktablarida tahsil ko’rgach, Moskvaga borib, dastlab ishchilar fakulteti (1923-24), so’ngra davlat jurnalistika instituti (1925-28) da o’qigan: Toshkentga qaytgach, “qizil O’zbekiston” (1928-30) gazeta muharriri o’rinbosari, so’ng “yangi Farg’ona” gazeta mas’ul muharriri (Qo’qon, 1930-31), O’zdavnashr bosh muharriri (1931 — 33) bulib ishlagan. Naim Said tarjimonlik faoliyatida o’zbek tiliga ruscha so’z va atamalarni olib kirish va o’zbek tilining shu asosda ruslashtirilishiga qarshi ona tilining sofligi uchun kurashgan. Ayni paytda u Arab yozuvidan lotin yozuviga o’tish jarayonida xalq ommasi savodsiz bo’lib qolmasligi uchun “kattalar uchun alifbo”, “savodsizlar uchun alifbo”, “Chala savodlilar uchun alifbo”, “ko’rlar uchun alifbo” (1929-30), “savodsizlar uchun o’qish kitobi” (1936) singari o’quv qo’llanmalarini yaratgan. 20-30-yillar o’zbek matbuotida faol ishtirok etgan. Naim Said “Milliy Ittihod” tashkilotiga a’zo bo’lganlik va yoshlar o’rtasida millatchilik kayfiyatini tarqatganlikda ayblanib hibsga olingan (1938.30.1) va qamoqxonada vafot etgan.