Naturalizm
Naturalizm (Fransuzcha naturalizme, lotincha naturalis — tabiiy) — 19-asrning oxirgi choragida Yevropa va AQSh adabiyoti va san’atida yuzaga kelgan oqim va ijodiy metod; Real borliqni ob’yektiv, aniq va hissiz aks ettirishga intilgan. Naturalizm tabiiy fanlarda erishilgan muhim muvaffaqiyatlar ta’sirida yuzaga kelgan. Asosiy tasvir ob’yekti — inson, uning tabiiy va fiziologik hayot tarzi; tabiat va atrof muhitni uning maishiy va moddiy muhiti deb bilgan. Bu esa, o’z navbatida, badiiy imkoniyatlari cheklangan badiiy madaniyat taraqqiyotini ta’minladi: Frantsiyada E.Mane, E. Dega, A.Tuluzlotrek; Belgiyada K. Mene, P.Polyus; Germaniyada M. Liberman, X. Bartels, K. Kolvis; Italiyada verizm vakili V.Vela va boshqalar. Tasviriy san’atda Naturalizm borliqni g’oyaviy mazmunsiz, badiiy umumlashma va tanlashlardan holi, tashki jihatdan aynan hayotiy aks ettiradi. Lo’nda, yuzaki tasvirlash, ikkinchi darajali batafsillik, oddiy ko’chirish 1820-30 yillardayoq namoyon bo’ddi (ayniqsa, frantsuz rassomlari P.Delorosh, O. Berne va boshqalar), akademik tasvirlash bilan osongina qo’shilib salon san’atining ko’plab turlarini yuzaga keltirdi. 19-asr o’rtalaridan Naturalizm tarixiy, diniy va majoziy janrlardagi an’anaviy ko’tarinkilik tushunchalari qasddan “pasaytirib” maishiy dalillarda izohlangan jo’ngina hayotga keltirilishi o’ziga xos voqea bo’ldi. Adabiyotda Naturalizm inson xarakterini ilmiy (eksperimental) o’rganishni maqsad qilib qo’ydi. Adabiy-badiiy asarga “insoniy hujjat” deb qaraldi. Naturalizm dastlab Frantsiyada paydo bo’ldi. Frantsuz adibi Emil Zolya o’zining “eksperimental roman” (1880), “naturalist romanchilar”, “Teatrda naturalizm”, “Dramaturglarimiz” (1881) asarlarida Naturalizmni ijodiy metod sifatida asoslab berdi, E. Zolya atrofida naturalistok maktab vujudga keldi (G Mopassan, P. Aleksis, A. Dode va b.). J. Shanflyori, L.E.Dyuranchi, G.Flober, aka-uka E. va J. Gonkurlar, P. Amp (Frantsiya), A.Xold (Germaniya) va b. ham N. nazariyasini rivojlantirishga katta hissa qo’shdilar. Naturalistlarning ayrim tasvir printsiplariga, insonni axloqiy jihatdan yalang’och holatda ko’rsatishlariga, tasvir ob’yektini tanlashga ehtiyoj yo’qligi xususidagi qarashlariga tanqidiy munosabatlar bildirilgan. Ayni chog’da, ushbu oqimning dunyo adabiy-nazariy tafakkuri tarixidagi mavjud voqelik ekani tan olingan; mavzu doirasining kengligi, yangicha tasvir usullari, shaxs va olomon munosabatlarini o’rganganlari ijobiy hodisa sifatida baholangan. Frantsuz adabiy muhitida paydo bo’lgan Naturalizm ta’siri, ma’lum vaqt o’tgach, boshqa mamlakatlarda ham sezilgan. Jumladan, Naturalizmning Germaniyada A. Xols, G. Gauptman, Angliyada J.Mur, JTissing, AQShda S.Kreyn, F.Norris, X.Garlend kabi namoyandalari bor edi. Garchand Rossiya adabiy muxitida “naturalizm” atamasi bevosita qo’llanmagan bo’lsa ham, bu oqim ta’siri D.E. Maminsibiryak, P. D. Boborikin ijodida seziladi. Naturalizmga xos ayrim unsurlar boshqa ijodiy metodlar asosida yozilgan turli badiiy asarlarda ham uchrashi mumkin.