Ne’matulla Ibrohimov (1945)
Ne’matulla Ibrohimov (1945.8.8, Marg‘ilon) — sharqshunos, manbashunos olim, jamoat arbobi. O‘zbekiston Fanlar akademiyasi akademigi (2000), O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan fan arbobi (1990). Filologiya fanlari doktori (1984), professor (1985).
Toshkent universitetining sharq fakultetini tugatgan (1970). Shu universitetning arab filologiyasi kafedrasida o‘qituvchi, dotsent, professor (1970—85), kafedra mudiri (1986 yildan), sharq fakulteti dekani (1989-91), Toshkent sharqshunoslik instituti rektori (1991 yildan) bo‘lib ishlagan.
Ne’matulla Ibrohimov arab manbalari bo‘yicha O‘rta Osiyo tarixini o‘rganish, arab xalq romanlari janr va uslubiy qurilishi bo‘yicha ilmiy tadqiqotlar olib bordi. Ne’matulla Ibrohimovning asarlari Sharq va G‘arb tillaridagi nodir manbalarning chuqur tahliliga asoslangan.
Ne’matulla Ibrohimov manbashunoslikda yangi yo‘nalishlardan biri — Sharq badiiy tafakkuri va elitar madaniyatlarning uzviy yagonaligi haqidagi kontseptsiya asoslarini yaratdi.
“Arabskiy narodnыy roman” (1984), “Ibn Battuta va uning O‘rta Osiyoga sayohati” (1993), “O‘rta asr arab xalq adabiyoti” (1994) “Pozdnesrednevekovыy arabskiy knijnыy epos” (1994) kabi kitoblari chop etilgan.
Ne’matulla Ibrohimov O‘zbekiston xorijiy mamlakatlar bilan madaniy-ma’rifiy aloqalar jamiyati kengashi raisi (2001 yildan), O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi huzuridagi O‘zbekistondan chetga olib ketilgan va xalq boyligi bo‘lgan arxiv hujjatlarini qaytarib olib kelish bo‘yicha maxsus komissiya raisi (2001), O‘zbekiston Oliy Majlisi deputati (1995) bo‘lgan.