NEOKONSERVATIZM

NEOKONSERVATIZM (grek. neos – yangi, lot. conserve – saqlayman) — mumtoz konservatizm, liberalizm va texnokratizm g’oyalarini uyg’unlashtiruvchi mafkura. XX asrning 70-yillarida konservatizmning tarixida yangi bosqich – neokonservatizm (D.Bell, Z.Bjezinskiy, N.Podgorets, N.Kristoll) boshlanadi. Bu yangi oqimning paydo bo’lishini tadqiqotchilar AQSHda Ronald Reygan boshchiligidagi respublikachilar, Buyuk Britaniyada Margaret Tetcher boshchiligidagi konservatorlar, Fransiyada Jak Shirak, GDRda Gelmut Kol boshchiligidagi XDS-XSS blokining hokimiyatga kelishi bilan bog’laydilar. Neokonservatizmning qaror topishi tasodifiy emas. U neoliberalizm va sotsializmga qarshi turish maqsadida shakllandi. Neoliberalizm davlatning iqtisodiy faoliyatiga aralashishi zarurligini tan oladi va davlat ijtimoiy dasturlarining rivojlantirishini qo’llab quvvatlaydi. Neokonservatizm esa davlatning iqtisodiyotga aralashishini cheklashni talab qiladi. Neokonservatorlar qarashlariga ko’ra ―kamroq boshqaruvchi hukumat – eng yaxshi hukumat‖. Neokonservatorlar aholining kam ta‘minlangan qatlamlari foydasiga resurslarni qayta taqsimlash maqsadida yirik kapitalga solinayotgan soliqlarga qarshi chiqadilar. Ular teng taqsimlashning ashaddiy dushmani sifatida davlatning ijtimoiy dasturlarini qisqartirishni, talab etadilar. Neokonservatorlarning fikricha, hozirgi davlat kishilari uchun natijalar tengligini emas., balki imkoniyatlar tengligini yaratib berishi zarur. Davlatning ―sog’iladigan sigirga aylanishi insonni buzadi, ishdan chiqaradi. Har bir kishi o’z faoliyatida davlatga emas, balki o’zining kuchiga hamda o’zining yaqinlari va fuqarolariga tayanishi zarur. Neokonservatizmning asosiy g’oyalari: faqat bozor munosabatlarigina jamiyat va shaxsning rivojlanishiga olib keladi; erkinlik va tenglik birgalikda mavjud bo’la olmaydi; mumtoz demokratiyani elitalar hokimiyati bilan to’ldirish lozim va shaxsning bosh huquqi – mulkka egalik qilish hisoblanadi.