Neon nima?
Biz shaharlarning bosh ko’chalari bo’ylab tunda yurganimizda ko’zimiz binolar peshtoqidagi rang-barang lampochkalar va reklama peshyozuvlariga tushadi. Biz ularni neon chiroqlari deb ataymiz. Biroq ularning hammasi ham neon gazlari bilan yondirilmaydi. Geliy, argon, kripton va ksenon kabi boshqa xil gazlar ham lampochkalarni yondirish uchun foydalaniladi. Har bir gaz turi elektr lampochkalarining qizigan simtolalari bilan o’zaro ta’sirga kirishganida o’ziga xos rangda yorug’lik tarqatadi. Yorug’lik rangi ham harorat, bosim va elektr kuchlanishning darajalariga qarab xilma-xil jilolanadi. Neon — qizil-to’q sariq yog’du taratadi; argon — qizg’ish-ko’kimtir; geliy-oq, sariq, ba’zi halatlarda binafsharang; Kripton — sariq, yashil yoki oqimtir-binafsharang; ksenon — yo ko’kimtir, yoki ko’kimtir-yashil yog’du beradi. Elektrlanish neon orqali o’tganida gaz atomlari yog’du taratadi. Elektr toki energiyasi neonning ayrim atomlaridan elektronlarni puflab ajratib tashlaydi. Bu elektronlar qaytadan neon atomlariga birikkanida yorug’lik tarzidagi energiya ajralib chiqadi. Yuqorida tilga olingan gazlarning hammasi “inert gazlar” deb ataladigan bir oilaga mansubdir. Gohida bu gazlarni “kamyob gazlar” deb ham atashadi, chunki ular tabiatda siyrak uchraydi. Bu gazlar kimyoviy sustligi-passivligi bilan ajralib turadi. Ya’ni shu ma’nodaki, ular yonmaydi va odatdagi, kundalik sharoitda kimyoviy reaktsiyalarga kirishmaydi. Bu gazlarning bosh manbai — havo (faqat geliy gazi bundan istisno, chunki u tabiiy gazdan olinadi). Gazlar havoga kislorod, azot, uglerod ikki oksidi bilan va boshqa gazlar bilan aralashgan bo’ladi. Inert gazlarni olish uchun havo eng quyi darajagacha sovutilib, suyuqlikka aylantiriladi, suyuq havo baland minoralarga chiqarilib, asta-sekin qizdiriladi. Ma’lum bir gaz o’z qaynash darajasiga ko’tarilganidan keyin bug’lanadi va suyuq havodan ajralib chiqadi.