Nikel rudalari
Nikel rudalari – tarkibidagi nikelni sanoat miqyosida ajratib olish iqtisodiy foydali bo’lgan tabiiy mineral hosilalar. Nikel rudalarining sulfidli-mis va silikatli turlari bo’ladi. Hozirgi tarkibida nikel bo’lgan 100 dan ortiq mineral ma’lum. Sulfidli-mis Nikel rudalariga, asosan, pirrotin, pentlandit, xalkopirit va magnetit, ikkinchi darajali va kamyoblariga pirit, xromit, kubanit, millerit, polidimit, platinoid minerallar va boshqalar kiradi. Bu ruda konlarining aksari qismi tokembriy kristalli qalqonlar va qadimgi platformalarga mansub magmatik hosilalarga tegishli. Yaxlit va xol-xol rudalar qatlam va tomirsimon tana, linza va tomir ko’rinishida joylashgan. Qalinligi 50 metrgacha, ba’zan 300 metrgacha. Sulfidli rudalarda nikelning miqdori 0,3 dan 4% gacha bo’ladi. Rudadan nikel va misdan tashqari bir qancha boshqa elementlar ham ajratib olinadi. Konlari Rossiya Federatsiyasi (Norilsk, Pechenga), Kanada, Avstraliya va Janubiy Afrikada bor. Silikatli Nikel rudalari ultrabazitlar nurash po’stining bo’sh gilsimon hosilalaridan iborat. Ularda Ni 4% gacha va undan yuqori bo’ladi. Asosiy minerallari: garnierit, non-tronit, nepuit, revdinskit, kerolit, serpentin, gidrogetit, gyotit, asbolan, gidroxlorit. Silikatli rudalar orasida temirli, magneziyali, kremniyli, gil-tuproqli turlari mavjud. Konlari Gresiya, Turkiya, Rossiya Federatsiyasi (Norilsk va Tuvada), Ukraina va boshqa joylarda bor. O’zbekistonda Toshqazigan (Quljuqtov) konida mavjud.