No’g’aylar, no’g’ay

No’g’aylar, no’g’ay (13-asrdagi Oltin O’rda xoni No’g’ay nomi bilan bog’liq) — xalq, Rossiya Federatsiyasining stavropol o’lkasi, Dog’iston, Checheniston, Ingushiston Respublikalari hamda Qorachoy-Cherkasiya viloyatlarida yashaydilar (75,2 ming kishi, 1990-yillar o’rtalari). O’zbekistonda juda ozchilikni tashkil etadi. No’g’aylarning qora no’g’ay (Dog’iston), no’g’ay yoki achiquloq (Stavropol o’lkasi), oq no’g’ay yoki Kuban no’g’aylari (Qorachoy-Cherkasiya) va Astraxon no’g’aylari kabi etnik guruhlari mavjud. Janubiy Sibir (Turon) o’tish irqiga mansub. No’g’ay tilida so’zlashadilar. Dindorlari — Sunniy musulmonlar. No’g’aylar ajdodlari No’g’ay tasarrufidagi hududlarda yashagan turk-mo’g’ul qabilalari hisoblanadi. Ular Uraldan to Dneprgacha, jumladan, shimoliy Kavkaz, quyi Volga, Krimda ko’chib yurganlar. Dashti Qipchoqsa qipchoqlar bilan aralashib turkiy tilni qabul qilishgan. O’tmishdagi an’anaviy mashg’ulotlari — ko’chmanchilik va yaylov chorvachiligi (qo’y, echki, yirik shoxli mol), tuyachilik, otchilik, qisman dehqonchilik bo’lgan. Hunarmandchilikda movut tayyorlash, charm va qo’y terisini qayta ishlash, kigiz bosish va undan chakmon, etik, bosh kiyimlarni tikish, ayniqsa, keng rasm bo’lgan. Ad.: Gadjieva S. Sh., Materialnaya kultura nogaytsev v XIX — nach. XX v., M., 1976; Gadjieva S. Sh ., Ocherki Semi i braka u nogaytsev v XIX — nach. XX v., M, 1979. Ochil Bo’riyev.