Norim-norim
Norim-norim (forscha — anor so’zidan) — Xorazmda keng tarqalgan kuy va an’anaviy erkaklar raqsi. Xalq bayramlari va turli tomoshalarda xalq cholg’u ansambli jo’rligida ijro etiladi, ko’pincha qayroq ham jo’r bo’ladi. Ijrochilar (2-4 erkak) qarama-qarshi turib raqsga tushadi. Raqs ikki qismdan iborat. Birinchisi tantanavor tarzda to’rt chorakli (4/4) usulda ijro etiladi, asosan, qo’llar ro’baro’ holda tutilib, yuqoridan pastga, pastdan yuqoriga harakat qiladi. Ikkinchisi sho’x va ildam Ufar (6/8) usulida oyoq va butun gavda harakati bilan ijro etiladi. Norim-norim va Ufarisining ashula variantlari mavjud. O’zbek bastakor va kompozitorlari o’z asarlari (masalan, S.Yudakovning “Xorazmcha bayramona yurish” uvertyurasi va boshqalar) da Norim-norim kuy va usullaridan foydalanganlar.