Noshirlik, nashriyot ishi
Noshirlik, nashriyot ishi — nashriyotlar tashkil etish, kitoblar, gazeta, jurnallar, tasviriy san’at asarlari va boshqa bosma mahsulotlarini tayyorlash, nashr qilish va uni tarqatishga oid soha. Nashriyotlar chiqaradigan mahsulotining turiga qarab — kitob nashriyoti, kitob-jurnal nashriyoti, gazeta- jurnal nashriyoti va boshqalar, qanday o’quvchilarga mo’ljallanganligiga ko’ra — ilmiy adabiyot, ommaviy adabiyot, bolalar adabiyoti, o’smirlar adabiyoti nashriyotlari va hokazolarga bo’linadi; mavzusiga ko’ra — universal va muayyan sohaga ixtisoslashgan nashriyotlar bor. Universal nashriyotlar (masalan, “O’zbekiston” nashriyoti) barcha xil yoki ko’p turdagi, ixtisoslashgan nashriyotlar (Ibn Sino nomidagi nashriyot va boshqalar) muayyan soha bo’yicha kitoblar nashr etadi. Kitobchilik ishi kitob bosish paydo bo’lishidan bir necha ming yillar oldin mavjud bo’lgan. Xususan, O’rta Osiyoda miloddan avvalgi asrlardayoq kitobchilik ishlari bilan shug’ullanganlar. Bu yerda arablar istilosiga kadar anchagina nodir kitoblar yaratilgan. Arab xalifaligi davrida ham bu ish taraqqiy etdi. Tarixchi, xushnavis, qog’ozchi, muqovasoz, bezovchi (lovah) va shu kabi kasb egalari yetishdi. Tarixchi-yozuvchilar asarlarini ilgarigidek o’zlari ko’chirib o’tirmasdan bu ishni ulardan tez va yaxshiroq bajara oladigan mutaxassislarga topshiradigan bo’ldilar. Kitoblarni, asosan, qo’lda maxsus xushnavislar ko’chirib ko’paytirganlar. Shu tariqa xattotlik san’ati (kalligrafiya) yuzaga keldi va takomillashib bordi. Kitob betlarini turli o’lchamdagi kataklarga bo’lish, sahifalarning chetlariga rang-barang chiziqlar, naqshlar chizish, kitob nomini muqovasiga va zarvaraqlariga oltin hal bilan yozish kitob bezagining odatdagi uslubiga aylandi. Ahmad Farg’oniy, Abu Nasr Forobiy, Abu Rayhon Beruniy, Abu Ali ibn Sino, Alisher Navoiy va boshqalarning asarlari faqat mazmun jihatidan emas, kitobat san’ati bilan ham nodir qisoblanadi. Ularning ko’plari jahondagi yirik kutubxonalarda qimmatli yodgorliklar sifatida saqlanadi. O’rta Osiyoning mo’g’ullar tomonidan bosib olinishi (13-asrning 1-yarmi) butun madaniy qayotda bo’lgani kabi kitob yaratish va tarqatish ishlarini ancha sustlashtirdi. Temuriylar hukmronligi davrida u yana kjealdi. Ayniqsa, Shohrux, Ulug’bek davrida adabiy faoliyatda, xususan, kitobchilik ishlarida katta o’zgarishlar ro’y berdi. Shohruxning o’g’li Boysung’ur tashabbusi bilan Hirotda katta bir kutubxona-ustaxona tashkil etilib, unga o’z davrining mashhur kotiblari, mukrvasozlari, rassom-naqqoshlari va boshqa kitobsoz mutaxassislar jalb etilgan. Ularga zarur kitoblarni ko’chirib yozish va ko’paytirish vazifasi yuklangan edi. Ustaxonada har bir qo’lyozma kitob bir necha mutaxassis qo’lidan o’tardi. Alisher Navoiy o’zbek xalqi ma’naviy xazinasini boyitgan asarlar yozish bilan birgalikda badiiy qo’lyozma san’atini yanada rivojlantirishga katta hissa qo’shdi. 15-asr va 16-asrning 1-yarmidagi badiiy qo’lyozma san’atining uslub va an’analari keyingi yillardagi kalligrafiya san’atining asosini tashkil etdi. Minglab xattotlar shu davrning ustalaridan namuna oldilar, ularga ergashdilar. Nashriyot bosma mahsulotlari chiqaradigan korxona, muassasa sifatida Yevropada 16-asrda paydo bo’ldi. Bosmaxonalarning yiriklashishi, ayrim kitoblar nashri ustida uzoq muddat ishlash, ishlab chiqarishni texnika va mablag’ bilan ta’minlash, kitob savdosini tashkil etish zaruriyati maxsus kasb egalari — matbaachi-noshirlar paydo bo’lishini taqozo qildi. 19-asrga qadar nashriyotlar kitobchilik ishining barcha jarayonlari (tahririy ish, bosmaxona, reklama tarqatish va boshqalar)ni o’z ichiga olgan. 19-asr o’rtalarida poligrafiya sanoati o’sib, yangi, kuchli texnika bazasining vujudga kelishi bilan Noshirlikda nashriyot va poligrafiya korxonalarining ixtisoslashish jarayoni boshlandi. 19- asr oxiri — 20-asr boshlarida nashriyotlar yalpisiga aktsiyadorlik jamiyatlari kabi tashkilotlarga aylandi, keyinroq kitob va gazeta-jurnal nashriyotlari trestlari vujudga keldi. Rossiyada ham Noshirlik bilan shug’ullanadigan bir qancha firmalar bo’lgan. 19-asrning 2-yarmida Rossiyaning chekka o’lkalarida, jumladan, Turkistonda ham Noshirlik yuzaga kela boshladi. Turkistonda kitob nashr etish bilan dastlab podsho Rossiyasi statistika qo’mitalari shug’ullandi. Bu qo’mitalar Turkiston o’lkasiga oid turli ma’lumotlarni, keyinchalik Turkistonshunos rus olimlarining ilmiy ishlarini nashr qildirgan. 1868 yildan 1910 yilgacha Turkistonda nashr etilgan kitoblarning asosiy qismini ruscha kitoblar tashkil etgan. Turkistonda kitoblar nashr etishda Toshkentdagi O.A. Portsev, V. M.Ilin, Samarqanddagi G.I. Demurov bosmaxonalari mashhur bo’lgan. 1910-17 yillarda O’zbekcha nashr qilingan kitoblarning ko’plari shu bosmaxonalardan chiqqan. 1874 yil Xivada Muhammad Rahimxon II (Feruz) tomonidan tashkil etilgan bosmaxona to 1910 yilga qadar kitob nashr etgan. O’lka aholisi o’rtasida Nodir qo’lyozma asarlarni ko’plab nusxalarda nashr etib tarqatishda, ayniqsa, Toshkentda “g’ulomiya”, Namanganda “Ishoqiya” nomi bilan ma’lum bo’lgan bosmaxonalar muhim rol o’ynagan. “G’ulomiya”ning tashkilotchisi G’ulom Hasan Orifjonov o’z faoliyatining dastlabki yillarida o’rtaosiyolik buyuk mutafakkirlarning mashhur asarlarini nashr etishga e’tibor bergan. “Ishoqiya” bosmaxonasida uning tashkilotchisi ma’rifatparvar va rus tilining ilk targ’ibotchilaridan Ishoqxon to’ra Junaydullo Eshonov ko’pgina asarlarni nashr etgan. 20-asrning 10-yillarida Turkistonda kitob nashr ettirish va omma o’rtasida tarqatish ishlari bilan shug’ullanuvchi shirkatlar, birlashmalar, firmalar paydo bo’ldi. “Russkaya Okraina”, “Turkestanskoe tovaritshestvo pechatnogo dela”, “Madaniyat”, “maktab”, “Turkiston kutubxonasi” Noshirlik shirkatlari shular jumlasidandir. Bu shirkatlarga mahalliy aholining badavlat va ma’rifatparvar kishilari, jadidlar, shuningdek, ilg’or kayfiyatdagi rus kishilari, tatar ziyolilari uyushgan edi. Oktabr to’ntarishidan so’ng bosmaxonalar musodara qilinib, davlat ixtiyoriga o’tkazildi. 1918 yil Turkiston MIK huzurida Milliy ishlar xalq komissariyatida va matbuot byurosida nashriyot bo’limlari tuzilib, mahalliy tilda siyosiy adabiyotlar nashr etila boshladi. Turkiston ASSR Maorif xalq komissarligining nashriyot bo’limi darsliklar chiqarishga harakat qildi. Shu davrda boshqa turli idoralar ham oz miqdorda bosma mahsulotlar chiqarardi. Kitoblar Turkiston matbuot Markaziy boshqarmasi (“Turktsentropechat”) tomonidan bepul tarqatilardi. 1920 yil martda Turkiston MIK Turkiston davlat nashriyoti (Turkdavnashr) ta’sis etish haqida qaror qabul qildi. Bu O’rta Osiyodagi ilk kitob nashriyoti bo’lib, unga o’lkadagi barcha nashr ishlarini birlashtirish, qog’oz taqsimoti va bosmaxona jihozlarini nazorat etib, rahbarlik qilish vazifalari Yuklandi. Fuqarolar urushi tamom bo’lib, harbiy interventsiya tugatilgandan keyin barcha nashr ishlari yangi iqtisodiy siyosatga muvofiq qayta qurildi. XKS ning 1921 yil 28 noyabrdagi qarori bilan nashrlar pulli bo’lib, kitob savdosi joriy qilindi. Nashriyot va poligrafiya korxonalari xo’jalik hisobiga o’tdi. 1923 yilda Turkdavnashr O’rta Osiyo nashriyoti deb atala boshladi. Bu nashriyot 1921 yildan 1924 yilgacha 1184 nomda 3 milliondan ortiq nusxada kitob nashr etdi. Turkistonda nashriyot ishini yo’lga qo’yishda I. I. Geyer, G’ulom Hasan Orifjonov, Ishoqjon Ibrat, Abdurahmon sayyoh Sodiqov, Mahmudxo’ja Behbudiy, Munavvarqori Abdurashidxonov va boshqa salmoqli hissa qo’shdilar. O’rta Osiyoda milliy-davlat chegaralanishidan so’ng (1925) O’rta Osiyo davlat nashriyoti negizida O’zbekiston davlat nashriyoti — O’zdavnashr (hozirgi “O’zbekiston” nashriyoti) tashkil topdi. 1925 yil O’zbekistonda 334 nomda 1,5 milliondan ortiq tirajda kitob nashr etildi. 30-yillar nashriyot ishida keskin burilish davri bo’ldi. Nashriyotlar mahsulotlarining g’oyaviy-siyosiy yo’nalishda partiyaviylik hukmronligi mustahkamlandi. Marksizm-leninizm asarlarini o’zbek tilida chiqarish maqsadida O’zbekiston K.P MK huzurida Partiya nashriyoti (O’zpartnashr) tashkil etildi. 30-yillarning 2-yarmida tegishli xalq Komissarlari va tashkilotlarining ixtisoslashgan tarmoq nashriyotlari barpo etildi. 2-jahon urushi yillarida nashriyotlar front va mamlakat ichkarisidagi ehtiyojga muvofiq qayta qurildi. O’zbekistondagi 8 mustaqil nashriyot O’zdavnashrga birlashtirilib, matbaa korxonalari ham uning ixtiyoriga berildi. Ayrim muassasalarga qarashli nashriyotlar yopildi. Kitoblar nashri keskin qisqardi. Urushdan keyingi yillar ixtisoslashgan nashriyotlarni tiklashga harakat qilindi. 1950 yil “O’quvpeddavnashr” (hozirgi “O’qituvchi” nashriyoti) tiklandi; 1957 yil Adabiyot va san’at nashriyoti; 1959 yil Meditsina nashriyoti; 1960 yil “Yosh gvardiya”, 1964 yil Nukusda “Qoraqalpog’iston” nashriyoti, 1968 yilda Toshkentda O’zbek sovet entsiklopediyasi Bosh tahririyati ochildi. Nashriyot ishlariga rahbarlikni yaxshilash maqsadida 1963 yil O’zbekiston Ministrlar Soveta huzuridagi matbuot komiteti tashkil etildi (1978 yildan O’zbekiston nashriyot, poligrafiya va kitob savdosi ishlari davlat komiteti, keyinchalik Davlat matbuot qo’mitasi). Nashriyotlar mahsulotlari kommunistik mafkuraga xizmat qilishga qaratildi. Shu maqsadda juda ko’p nomda va nusxada marksizm-leninizm asarlari, ijtimoiy-siyosiy adabiyotlar nashr etildi. Ayni vaqtda Alisher Navoiyning 15 jildli asarlari, Hamza, Oybek, G’afur G’ulom, Abdulla Qahhor, Komil Yashin, Mirtemir kabi yozuvchilarning Saylanma asarlari, jahon mumtoz adabiyoti namunalari chiqarildi. Lekin, sovetlar tuzumida O’zbekistondagi nashriyotlarning moddiy-texnika bazasi rivojlangan mamlakatlar darajasidan ancha orqada edi. Aksariyat bosmaxonalarda hamon qo’lyozmalar qo’rg’oshin bilan quyuladigan harflarda terilardi. Bosish usullari ham eskicha. Shu sababli bosilgan kitoblarning matbaa ijrosi sifatsiz edi. Nashriyotlarda muxarrirlar “siyosiy xatolar” o’tkazib yubormaslik uchun muk tushib qo’lyozma-korrekturalarni qayta-qayta o’qishardi, ayniqsa, diniy, tarixiy adabiyotlarga “ehtiyot” bo’lishardi. Mana shu ehtiyotkorlik tufayli O’zbekiston Fanlar Akademiyasi “Fan” nashriyotida nashr etilgan Alisher Navoiyning akademik nashridan (15 jildli) “ilohiy” va boshqa mazmundagi she’rlar olib tashlandi va hokazolar. Nashriyotlarning yillik rejalari markazdan qat’iy nazorat qilinardi. Ijtimoiy fanlardan mahalliy mualliflar darsliklar yozishlariga imkon qadar yo’l berilmasdi. Markazda nashr etilgan darsliklar, asosan, tarjima qilinardi. 20-asrning 50-yillardan keyingi davrlarida O’zbekistonda nashriyot ishini, matbaachilikni yo’lga qo’yish va rivojlantirishda Jalolxon Azizxonov, Fayzulla Yunusov, Vohid Valiyev, To’lqin Rustamov, Abdulla Urazayev, Aziz Klebleyev, Vali Rahim, Fayzulla Erg’oziyev, Meli Jo’ra, Yunus Yusupov, Nasrullo Oxundiy, Adham Akbarov, Ziyod Esenboyev, Abduvosiq Abduvaliyev, Islom Shog’ulomov va boshqalarning xizmati kattadir. O’zbekiston mustaqillikka erishganidan so’ng Noshirlikda keskin o’zgarish bo’ldi. Bu borada O’zbekiston Respublikasining “Noshirlik faoliyati to’g’risida” qonuni (1996 yil 30 avgust) huquqiy asos bo’ldi. Mazkur qonun asosida noshirlar o’z faoliyatlarida, shu jumladan, noshirlik yo’nalishini, mavzularini, ixtisoslashuvini, chiqariladigan mahsulot nusxasini belgilashda, muallifni tanlashda mustaqil faoliyat yuritadigan bo’ldi. Yuridik va jismoniy shaxslar qonun hujjatlarida belgilangan tartibda davlat ro’yxatidan o’tganidan va litsenziya olganidan keyin Noshirlik faoliyati bilan shug’ullanish huquqiga ega bo’lishdi. Nashrga tayyorlangan qo’lyozmalar va materiallarni tsenzuradan o’tkazish bekor qilindi. Matbaa mahsulotini shartnoma asosida tarqatish joriy etildi. Nashriyotlar bozor iqtisodiyoti talablaridan kelib chiqib, xaridorgir kitoblar nashr etishga harakat qila boshladilar. Kitob mahsulotlari mazmun-mundarijasini belgilashda ularga to’la erkinlik berildi. O’zbek tiliga davlat maqomi berilishi munosabati bilan o’zbek tilidagi kitoblar salmog’i oshdi. Amir Temur mavzui, buyuk mutafakkirlar, diniy, milliy qadriyatlar bilan bog’liq o’nlab kitoblar chiqarildi. Bolalar adabiyoti, ilmiy adabiyotlar nashriga, istiqlol, milliy tafakkur g’oyalari singdirilgan, sharqona odob-axloq, birodarlik, milliy g’ururni ko’tarishga undaydigan adabiyotlarga, maktab darsliklari nashriga alohida e’tibor berildi. “O’zbekiston” nashriyotida O’zbekiston Respublikasi Prezidenti I.A.Karimovning iqtisodiy islohotlar, ularni amalga oshirish yullari, mamlakat ijtimoiy va ma’naviy hayotni sog’lomlashtirish, milliy qadriyatlarni tiklash, an’analarni boyitish va shu kabilarga bag’ishlangan dasturilamal kitoblari nashr etildi. Kitob va boshqa bosma mahsulotlar nashr etishda nashriyot muallif bilan tegishli shartnoma — nashriyot shartnomasini tuzadi. Unda muallif kitob qo’lyozmasini ma’lum muddatda topshirish majburiyatini, nashriyot esa uni nashr etish, tarqatish (ayrim hollarda bu majburiyatni olmaydi) va muallifga tegishli haq (gonorar) to’lash majburiyatini oladi. Shartnomada kitobning adadi, chop etish muddati va boshqa majburiyatlar ham ko’rsatiladi. Nashriyot faoliyati markazida muharrirlik turadi. Muharrir nashriyot chiqarmoqchi bo’lgan kitob qo’lyozmasini dastlab o’qib chiqib, o’z xulosasini beradi: tahrir uchun qabul qiladi; kamchiliklarini ko’rsatib qo’lyozmani qayta ishlashga muallifga qaytaradi yoki umuman taxrirga noloyiq topadi. Muharrir qo’lyozmani taxrir qilishda ijtimoiy-siyosiy, ilmiy va adabiy nuqtai nazardan yondashadi. Bunday yondashuv undan muallifning individual uslubini sakdagan holda kitobning mazmuni va shaklini takomillashtirishga qaratilgan muayyan bilim va ijodiy jarayonni talab qiladi. Nashriyot musahhihi imlo va boshqa grammatik xatolarni tuzatadi. Muharrir taxrir qilingan qo’lyozmani matbaaga topshirishdan oldin nashriyot rassomi (badiiy muharrir) bilan kitobning badiiy bezagi ustida ish olib boradi. Ayni vaqtda texnik muxarrir bilan birgalikda tegishli shriftlar belgilanadi, bezaklar joylashtiriladi, qo’lyozma yoki terilgan matn sahifalanadi va hokazolar. Nashriyotda tayyorlangan qo’lyozma nashriyot (buyurtmachi) va bosmaxona (buyurtmani bajaruvchi) o’rtasida tuzilgan shartnoma asosida chop etish uchun matbaaga topshiriladi. O’zbekiston Noshirlik ishiga rahbarlik qilib kelgan O’zbekiston Respublikasi Davlat matbuot qo’mitasi O’zbekiston Respublikasi Prezidentining “matbuot va axborot sohasida boshqaruvni takomillashtirish to’g’risida”gi farmoni (2002 yil 3 iyul)ga binoan, O’zbekiston matbuot va axborot agentligi etib qayta tashkil etildi. Agentlik zimmasiga, boshqa vazifalar qatori, noshirlik ishlari va matbaachilikni keng miqyosda rivojlantirishga ko’maklashish, amaldagi qonunchilikka rioya etilishi ustidan monitoringni amalga oshirish, noshirlik-matbaachilik faoliyatining ishlab chiqarish-texnika bazasini rivojlantirish va yangilash, standartlashtirish hamda sertifikatsiyalash sohasidagi chora-tadbirlarni ishlab chiqish va amalga oshirish topshirildi. O’zbekiston matbuot va axborot agentligi boshqaruvining tashkiliy tuzilmasida quyidagi nashriyotlar kirgan: “O’zbekiston”, “O’qituvchi”, “O’zbekiston milliy entsiklopediyasi” Davlat ilmiy nashriyoti, “Cho’lpon”, “mehnat”, G’afur G’ulom nomidagi nashriyot-matbaa ijodiy uyi, “ijod dunyosi” nashriyot uyi, Abdulla Qodiriy nomidagi xalq merosi nashriyoti, Ibn Sino nomidagi nashriyot, “O’zblanknashr”. Bulardan tashqari, “Sharq” nashriyot-matbaa aktsiyadorlik kompaniyasi Bosh tahririyati, “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakatining “Yangi asr avlodi” nashriyot-matbaa markazi, O’zbekiston Fanlar Akademiyasining “fan” nashriyoti, O’zbekiston Respublikasi Adliya vazirligining “Adolat” nashriyoti, O’zbekiston Respublikasi “Ma’naviyat va ma’rifat” Kengashining “Ma’naviyat” nashriyoti, O’zbekiston musulmonlari idorasining “Movarounnahr” nashriyoti, O’zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat va jamiyat qurilishi akademiyasining “Akademiya” nashriyoti, O’zMU, Toshkent Islom universiteti va boshqa yirik oliy o’quv yurtlarining nashriyotlari faoliyat ko’rsatadi, shuningdek, xususiy, viloyat nashriyotlari ham Noshirlik bilan shug’ullanadi. O’zbekiston matbuot va axborot agentligida jami 58 nashriyot, 800 dan ziyod yirik va kichik bosmaxona ro’yxatdan o’tgan (2003). Nashriyotlar kitoblari, asosan, Toshkent matbaa kombinati, rangli bosma fabrikasi, 1-Toshkent bosmaxonasi, Toshkent kitob-jurnal fabrukasi, “tezkor” bosmaxonasi, Yangiyo’l kitob fabrikasi, “Rastr” qo’shma korxonasida, “Sharq nashriyot-matbaa aktsiyadorlik kompaniyasi bosmaxonasida bosiladi. Nashriyotchilar va matbaachilar o’z soxalariga zamonaviy noshirchilik, bosma usullar, yangi texnika joriy qilib bormoqdalar. Bosmaxonalar keyingi davrda texnologik jihatdan qayta qurildi. Korxonalar va tashkilotlar Germaniya, AQSh, Shvetsiya, Shveytsariya, Buyuk Britaniya kabi matbaa sanoati taraqqiy etgan mamlakatlar bilan amaliy aloqalar o’rnatishgan. O’zbekistonda 2002 yil jami 969 nomda 16,5 million nusxa kitob chiqarildi. 2002— 2003 o’quv yilida jami 519 nomda 31,0 million nusxada maktab darsliklari chop etildi. O’zbekistonda Noshirlikka doir masalalar, asosan, “O’zbekiston matbuoti” jurnalida yoritiladi. Id.: Meli Jo’ra, Noshirnoma, T., 1979; Abduvaliev V., Nurli manzil, T., 1995; Shog’ulomov I., Saodat manzillari, T., 1996. Murodjon Aminov, O’tkir Zokirov.