Objuvoz
Objuvoz (forscha, ob — suv va juvoz — o’g’ir) — sholi oqlanadigan qurilma. Suv kuchi bilan harakatlanadi. Quyidagi qismlardan iborat: o’q, shu o’qqa biriktiriladigan parra, lingko’p, keli, Nov. Barcha qismlari qattiq yog’ochdan tayyorlanadi. Nov 3 ta qalin taxtadan ariqcha shaklida yasaladi. Suv shu novdan keladi. Novning oxiri parra ga (kurakchalari bor g’ildirakka) to’g’rilab qo’yiladi. O’q Novning 3 tomoniga ko’ndalang o’rnatiladi. O’qning 2 uchidagi turum (yog’och podshipnik) turumdonga qo’yiladi. Keli (oxurga o’xshagan yog’och idish) o’qdan 2-3 metr nari o’rnatiladi. Unga sholi solib qo’yiladi. Lingko’p (uchiga tishli cho’yan moslama o’rnatilgan sop) — ko’tarilib-tushib sholini oqlaydigan qism. Objuvoz quyidagicha ishlaydi: novdan kelgan suv parraga urilib, o’qni aylantiradi. O’qning qilichaklari lingko’pga uriladi, shunda lingko’p ko’tarilib-tushib sholini oklaydi. Tuyilgan sholining qobig’i, to’poni shamol (yog’och qurilma) yordamida tozalanadi. Objuvozni objuvozchi boshqaradi. Hozir sholi maxsus elektr mashinalarda oqlanadi. Objuvoz ba’zi joylarda (Afg’oniston, Hindiston va boshqalar) hozir ham ishlatiladi.