Ochilbek, Ochil dev
Ochilbek, Ochil dev (taxminan 1883, Samarqand yaqinidagi Qo’shtamg’ali qishlog’i — 1923.10.5, kitob atrofidagi Varganza qishlog’i) — Samarqand viloyatida sovet rejimiga qarshi harakat rahbarlaridan biri. O’zbeklarning nayman urug’idan bo’lgan. Samarqand va Toshkentdagi jadid maktablarida tahsil olgan. G’uzor beki Sayd Akram to’ra (Buxoro amiri Olimxonnnng amakisi) xizmatida bo’lib, harbiy ishni o’rgangan. 1918 yil oxirida u boshchilik qilgan guruh Samarqand viloyatida qizil askarlarga qarshi hujum boshlagan. 1921 yildan Turkiston milliy birligi siyosiy tashkiloti ko’rsatmalari asosida ish olib borgan. Validiy uning qarorgohida bo’lib, bolsheviklarga qarshi kurashga g’oyaviy rahbarlik qilgan (1922). Ochilbek boshchiligida 10 ta qo’rboshi (Kattaqo’rg’onda Qoraqulbek, Urgutda Hoji Abdulqodir, Jizzax atrofida Ma’mur Niyozbek va To’rabek, Matcho bekligida Asrorxon, Nusratshoh, Hamidbek, O’ratepada Xolbo’tabek va boshqalar) va 4000-5000 yigit faoliyat ko’rsatgan. U Samarqand viloyatidagi boshqa yirik qo’rboshi — Bahrombek (vafoti 1922) bilan hamkorlikda harbiy harakatlarda qatnashgan. Ochilbekning hujumlari oqibatida Samarqand—Zarafshon hududidan Matcho tog’lari etaklariga qadar bo’lgan joylarda sovet hokimiyati ag’darilgan. 1923 yil may oyining boshlarida Ochilbek o’z guruhi bilan Shaxrisabzdagi vatanparvarlarga yordamga borgan. Kitob atrofida qizil askarlar bilan bo’lgan jangda halok bo’lgan, uning omon qolgan (130 yigit) dastasiga Ziyovuddin boshchilik qilgan. Ad.: Validiy, Bo’linganni bo’ri er [Xotiralar], T., 1997; Rajabov Q., Buxoroga qizil armiya bosqini va unga qarshi kurash, T., 2002.