Oila tarbiyasi
Oila tarbiyasi — oilada ota-ona, vasiy yoki katta kishilar tomonidan bolalarni tarbiyalash. Yosh avlodning har tomonlama rivojlanishida muhim o’rin tutadi. Oila tarbiyasida doimiy tarbiyaviy ta’sirchan kuch — oilada ruhiy xotirjamlik, samimiy munosabat, ota-ona obro’sining yuqori bo’lishi, bolalarga talab qo’yishda oila kattalari o’rtasidagi birlikning saqlanishi, bola shaxsini mehnatga tarbiyalashga alohida e’tibor berish, bolani sevish va izzatini joyiga qo’yish, oilada qat’iy rejim va kun tartibini o’rnatish, bolaning yosh va shaxsiy xususiyatlarini hisobga olish, boladagi o’zgarishlarni kuzatib borish, undagi mustaqillikka intilish va tashabbuskorlik sifatlarini qo’llab-quvvatlash va hokazolar. Oila qanchalik tartibli, uning a’zolari o’rtasidagi munosabat samimiy bo’lsa, Oila tarbiyasi ham shunchalik muvaffaqiyatli bo’ladi. Oila tarbiyasida ota-ona obro’si, ularning kuzatuvchanligi, sezgirligi, hozirjavobligi muhim tarbiyaviy ahamiyatga ega. Oila tarbiyasida tarbiya jarayoni zerikarli, quruq nasihatgo’ylikdan iborat bo’lib qolmasligi lozim. Bola hayotining ko’p qismi oilada o’tadi. Shu boisdan mavjud an’analar, urf-odatlar, rasm-rusumlar va marosimlarning ijobiy ta’sirida bola asta-sekin kamol topib boradi. An’ana va marosim Oila tarbiyasining qudratli qurolidir. Oila tarbiyasi ijtimoiy tarbiya bilan uzviy aloqada bo’lsagina, kutilgan natijalarga erishish mumkin. Oila tarbiyasida yutuklarga erishish ota-onalarning pedagogik bilimlarga egaligi, Oila tarbiyasi bo’yicha tajribalar almashishi, ota-onalarni tarbiyaviy ishlarga qizg’in jalb qilishga ham bog’liqdir. Har bir ota-ona Oila tarbiyasida o’zlarining burch va mas’uliyatlarini chuqur anglashlari lozim. Normal oilaviy muhit, bolani kitob o’qishga, mehnat qilishga o’z vaqtida jalb etish ham Oila tarbiyasining muvaffaqiyati garovidir. Oilada ota yoki onaning yo’qligi yoki ulardan birining ketib qolishi Oila tarbiyasiga katta zarar yetkazadi. Ularning bolaga beradigan tarbiyaviy ta’sir kuchi yo’qoladi, Oila tarbiyasidagi muvozanat buziladi. Bunday sharoitda bola qalbi qattiq jarohatlanadi, u tajang, serjaxl, qo’pol, dag’al bo’lib qoladi, kattalarga ishonmay qo’yadi, o’qishi pasayib ketadi. Oila tarbiyasida otaning obro’si katta ahamiyatga ega. Bolalarni barkamol inson qilib yetishtirishda maktabni oila bilan bog’lamasdan muvaffaqiyatga erishib bo’lmaydi. Shuning uchun Oila tarbiyasida maktab va ota-onalar o’rtasidagi ta’limtarbiyaga oid birgalikdagi ishlari katta ahamiyatga ega. Ota-onalarning o’qituvchilar bilan bo’lgan uchrashuvlarida aytilgan fikrlar, ayniqsa qimmatlidir. Chunki ular o’z farzandlari to’g’risida ko’proq narsalarni bilib oladilar. Shuning uchun bola tarbiyasining tub mohiyatini tushungan har bir ota-ona oila bilan maktab o’rtasidagi hamkorlikni mustahkamlashga intiladi. Bola maktabni tamomlagunga qadar ota-ona maktab bilan yaqin aloqa o’rnatishi, farzandining darslarini o’zlashtirishi, xulq-atvoridan xabardor bo’lib turishi, tarbiya masalalarida o’qituvchi, sinf rahbari bilan maslahatlashib turishi, bolaning darsdan so’ng nima bilan mashg’ulligi haqida o’qituvchi va sinf rahbarini xabardor qilib turishi lozim. O’z navbatida o’qituvchi va sinf rahbari ham bolaning o’qishi, odobi, xulqi, maktabda o’zini tuta bilishi haqidagi ma’lumotlarni ota-onaga yetkazishi, zarurat tug’ilganda paydo bo’lgan muammolarni birgalikda hal qilishi zarur. Farzandi maktabga borgan ota-ona maktab jamoasining a’zosi bo’lib qolishi kerak. O’qituvchi va sinf rahbari ham o’z o’quvchisining oilasi bilan mustahkam hamkorlikni yo’lga qo’ymog’i lozim. Oila tarbiyasida ota-onalarning mahalla faollari, mehnat faxriylari bilan hamkorliklari ham muhim. Oila tarbiyasi farzandlarning har tomonlama kamol topishi uchun qulay sharoitlar yaratilsagina muvaffaqiyatli bo’lishi mumkin. Oila tarbiyasida har bir oila o’ziga xos xususiyatlarni namoyon qiladi. Ad.: Karimovi.A., Barkamol avlod — O’zbekiston taraqqiyotining poydevori, T., 1997; Abdulla Avloniy, turkiy guliston yoxud axloq, T., 1992; G’aybullaev N. R. va b., Pedagogika, T., 1999. Gulnora Ibrohimova.