Okean, dunyo okeani
Okean, dunyo okeani (Yunoncha Okeanos — Yerni aylanib oqadigan Azim Daryo) — Yerning materik va orollarni o’rab turuvchi suv qobig’i. Gidrosferaning katta qismi (94%) ni, yer yuzasining taxminan 70,8% ini egallaydi. Fizik va kimyoviy xususiyatlari hamda suvining kimyoviy tarkibi jihatidan Okean bir butun, lekin miqdor jihatidan gidrologik va geokimyoviy ko’rsatkichlari xilma-xildir. Gidrologik rejimining tabiiy-geografik xususiyatlariga ko’ra, dunyo okeani alohida okeanlar, dengizlar, qo’ltiqlar, buxta va bo’g’ozlarga ajralib turadi. 1650 yilda golland geografi B. Varenius Dunyo okeanini 5 alohida qismga: tinch, Atlantika, Hind, Shimoliy Muz, Janubiy Muz Okeanlariga bo’ldi. 1845 yilda London Geografiya jamiyati ham buni tasdiqladi. Keyinroq ba’zi olimlar dunyo okeanini faqat 3 ga ajratadilar: tinch, Atlantika va Xind okeanlari. 20-asrning 30-yillaridan boshlab Arktika havzasi sinchiklab tekshirilgandan keyin, 4 alohida ocean ajratildi: tinch, Atlantika, Hind va Shimoliy Muz Okean. Yer sharida Okean suvi va quruqliklarning taqsimlanishi turlicha. Shimoliy yarim sharda suv sathi yer sharining 61% ini egallaydi. Bu yerda Okean suvlari quruqlikda ancha kirib borib, ko’p sonli dengiz va qo’ltiqlar hosil qiladi. Barcha ichki dengizlar shimoliy yarim sharda joylashgan. Janubiy yarim sharda suv sathi 81% maydonni tashkil etadi, lekin dengiz va qo’ltikdar kam. 81° shimoliy kenglikdan shimolda Shimoliy muz okeanida va Janubiy kenglikning taxminan 56° bilan 65° o’rtasida Okean suvi yer sharini uzluksiz qatlam shaklida o’rab olgan. Suv yoki quruqlikning ko’pligiga qarab yer shari okean yarim shari va materik yarim shariga bo’linadi. Okean yarim sharining qutbi yangi Zelandiyadan Janubi-sharqda, materik yarim sharining qutbi esa Frantsiyaning shimoli-g’arbida joylashgan. Gidrosferaning bir qismi bo’lgan Okean atmosfera va yer pusti bilan uzluksiz o’zaro aloqador; shuning uchun ham Okeanning ko’pgina muhim xususiyatlari atmosfera va yer po’stiga bog’liq. Okean issiqlik va namning juda katta akkumulyatoridir. Okean tufayli yerda temperatura juda keskin farq qilmaydi, uzoq-uzoq o’lkalarga namlik yetib boradi, natijada hayot uchun qulay sharoit vujudga keladi. Okean oqsil moddalarga ega bo’lgan boy oziq-ovqat mahsulotlari manbaidir. Okean energetik, kimyoviy va mineral boyliklar manbai ham bo’lib, ularning bir qismidan (suv ko’tarilish energiyasi, ba’zi kimyoviy elementlar, neft, gaz va boshqalardan) inson hozirdanoq foydalanmoqda. Okean va uning dengizlaridan xalqaro aloqalar o’rnatishda juda kadim zamonlardan foydalanilgan. Bu esa yangi yerlarning ochilishi va madaniyat markazlaridan uzoq hududlarni o’zlashtirish uchun sharoit yaratdi; transport vositalaridagi texnika taraqqiyoti bu jarayonni yanada tezlashtirdi. Dunyodagi yuk aylanishning 4/5 qismi Okean yo’llari orqali amalga oshiriladi. Okeanning insoniyat hayotidagi roli tez o’smoqda. Dunyo mamlakatlari iqtisodiyotining turli sohalarida Okeandan foydalanish muammolari (kema qatnovi, baliq ovlash, Okean resurslaridan ratsional foydalanish, shelfni o’zlashtirish, Kontinentlararo kabellar yotqizish, suvni chuchuklashtirish, shuningdek, dengizlarni muhofaza qilish va ifloslanishining oldini olish va boshqalar) olamshumul ahamiyatga ega bo’lib, muhim iqtisodiy, siyosiy va huquqiy masalalarni hal qilish bilan bog’liq. Keyingi yillarda Okeanda olib borilgan tadqiqotlar shuni ko’rsatdiki, Okean tubining relefi murakkabligi jihatidan materiklar usti relefidan qolishmaydi. Tubining geologik tuzilishi va relefi. Okean tubi maydonining ko’p qismi (73,8%) 3000 metrdan 6000 metrgacha chuqurlikda joylashgan. Okean tubining planeta miqyosidagi morfostrukturalari (eng yirik shaklari) yer pusti ayrim qismlarining tuzilishi va tarixiy rivojlanishidagi tafovutlarga qarab ajratiladi. Okean tubini eng yirik relef shakllariga qarab 4 qismga bo’lish mumkin: 1) materiklarning suv ostida qolgan chekka qismlari; 2) okean ka’ri; 3) materiklarning suv ostida qolgan chekka qismlari bilan Okean qa’ri o’rtasidagi oraliq zona; 4) okean o’rtasidagi tog’ tizmalari. Okean tubining materiklarga yondosh qismlarining yer pusti materiklarnikiga o’xshash bo’lib, materiklarning suv ostidagi chekkasi hisoblanadi va unda relef xususiyatlariga qarab shelf, materik yon bag’ri va materik etagi farq qilinadi. Materik etagi bilan chegaradosh Okean qa’ri uch qatlamli: yupqa po’stdan iborat yumshoq cho’kindili yuqori tsatlam (yoki “birinchi” seysmik qatlam), “ikkinchi” (bazalt usti qatlami) va pastki qatlam — bazalt qatlami. Tinch okean chekkalarining katta qismida, Hind okeanining shimoli-sharqida, shuningdek, Karib va Skosha (Skotiya) dengizlarida materikning suv ostidagi chekkasi bilan Okean qa’ri o’rtasida oraliq zona joylashgan. Bu yerlarda chekka dengiz soyliklari (chuqurligi 4000— 5000 metrgacha), yoysimon tizilgan orollar (bunday orollarning tepasi suv ustida tog’ tizmalarini hosil qilgan), chuqur novlar relefning asosiy shakllaridir; Okeanning eng chuqur joylari ana shu novlarda (Mariana novi — 11022 metr). Bunday orollar zonasida zilzila bo’lib, vulkanlar otilib turadi. Okean o’rtasidagi suv osti tog’ tizmalari Okean tubining 4-yirik shaklidir. Barcha okeanlarni u boshidan bu boshga kesib o’tgan suv osti tog’larida Rift vodiylari, Rift tizmalari, ko’ndalang siniklar, shuningdek, yirik vulkan massivlari uchraydi. Okean tubi cho’kindilari. Keyingi yillarda olib borilgan geologik va Seysmik tadqiqotlar shuni ko’rsatadiki, g’ovak cho’kindilarning qalinligi Okeanning materik yaqinidagi zonalarida 2000— 3000 metr va undan ham ortiq bo’lsa, okean o’rtasidagi tog’tizmalarida, tik tog’yon bag’irlarida va materik yon bag’ri jarliklarida bir necha o’n metr va, hatto, nol metrga tengligi aniqlandi. Okean tubi cho’kindilari orasida Terrigen, biogen (ohakli va kremniyli), vulkanogen va aralash (poligen) cho’kindilar ham bo’ladi, chuqur suv osti qizil gillari ana shunday aralash (poligen) cho’kindilardir. Terrigen cho’kindilar materiklarning suv ostidagi chekkalarida, Okean qa’rining chetlarida va chuqur suv novlarida uchraydi. Ohakli cho’kindilar Okeanning issiq va mo’tadil zonalarida (50° shimoliy kenglikdan 50° Janub kenglikkacha) ko’proq tarqalgan; Okean qa’rida ular foraminifera va kokkolit-foraminifera yotqiziqlaridan, sayoz joylarda — chig’anoq va marjon yotqiziqlaridan iborat bo’ladi. 4500-5000 metrdan chuqurda SaSO3 erigan holatda bo’lgani uchun ohak cho’kindilar yo’q. Kremniyli cho’kindilar (radiolyariya va diatom cho’kindilar) yuqori mahsulli fitoplankton zonalariga muvofiq ravishda 3 mintaqa — ikkita qutb yoni va bitta ekvatorial mintaqalar hosil qiladi. Chuqursuv qizil gili 4500-5000 metr va undan ham chuqur botiqlarda bo’ladi. Okeanning faol subaerol vulkanizm zonalariga yondashgan qismlarida vulkan cho’kindilari shakllanadi. Okean tubida karbonatli cho’kindilar (150 million km2), chuqursuv qizil gillari (Po million km2 dan ko’proq) va kremniyli gillar (60 million km2ga yaqin) eng ko’p maydonni egallagan. Okean tubida endogen moddalar suv usti vulkanlari mavjud joylardagina to’planmay, Okean o’rtasidagi tog’tizmalari va yirik siniqlar yaqinida ham uchraydi. Tarkibida metallar, ba’zi hollarda rudalar [(20-40% gacha Fe), Mn, Co, Ni, Pb, Zn, Ag, Se, Hg va boshqa elementlar] bo’lgan qatlamlar ana shular jumlasidandir. Okean cho’kindilari dengiz cho’kindilariga nisbatan sekinroq to’planadi. Chuqur suv qizil gillari 1000 yil ichida 1 millimetr, ohakli va diatomli cho’kindilar 1000 yilda 1-30 millimetrgacha yig’iladi. Materik yon bag’rining asosida terrigen cho’kindilar eng tez to’planadi (1000 yilda 100 millimetr). Okean cho’kindilarining asosiy qismi zarrachalar shaklida yoki erigan holda materiklardan keladi. Cho’kindilarning mikdori va xili iqlim, vertikal, gorizontal va tsirkumkontinental zonallikka, shuningdek, tektonik rejimga bog’liq. Kelib chiqishi va geologik tarixi. Okean suvi yer mantiyasi moddalarining differentsiasiyasi mahsulidir. Okeandagi botiklarning paydo bo’lishi haqida turli gipotezalar bor. Chuqur suv havzalaridan iborat hozirgi Okean kamida yura davridan beri mavjud, chunki Okean tubida bundan qadimgi jinslar topilganicha yo’q. Bo’r davri va kaynozoy erasida havzalar yanada chuqurlashdi va abissal cho’kindilar to’planib bordi. Yaqin geologik o’tmishda chekka geosinklinal havzalar hisobiga materik chetlari o’sib borgan. Geosinklinal dengizlar botiqlaridagi ancha qalin cho’kindilar Okeanning juda qadimiyligidan dalolat beradi. Okean tubi yirik relef shakllarning vujudga kelishida yer po’stining vertikal va gorizontal harakatlari muhim rol o’ynadi. Suvlari geokimyosi. Okean suvi o’rtacha 35 g/l kontsentrasiyali tuzlar eritmasidan iborat. Okeanda hammasi bo’lib 5-YU22 g erigan tuzlar bor. Okean tuzlari massasi tarkibi materiklardan keladigan cho’kindilarning erishi, atmosfera bilan modda almashish jarayoni va Okean tubi cho’kindilari, shuningdek, dengiz organizmlarining hayot faoliyati natijasida tartibga solib turiladi. Ti, Mn, Zr va boshqa ba’zi metallarning ionlari gidroliz natijasida koagulyasiyalanadi va gidrooksidlar shaklida Okean tubiga cho’kadi. Dengiz suvining bir kancha mikroelementlari — Si, Pb, Mo, Hg, Zn, U, Ag, siyrak yer elementlari va boshqa turli xil tabiiy sorbentlar — organik modda, temir va marganes gidrooksidlari, kaltsiy fosfat, silikatlar bilan adsorbtsiyalanish yo’li orqali cho’kadi. Okean suvida atmosferadan tushadigan va okean suvi katlamlarida vujudga keladigan turli xil gazlar ham erigan holda mavjud. Okeandagi hayot faoliyatini belgilab beradigan O2 va SO2 ayniqsa muhim ahamiyatga ega. Bir qancha inert (kimyoviy reaktsiyalarda ishtirok etmaydigan) gazlar —N2, Ar, kg, Xe ham bor. Suvning ustki qatlamlarida (100— 150 metr) O2 miqdori eng ko’p (7-8 ml/ l); chuqurlashgan sari 3,0—0,5 ml/l ga tushib qoladi, bir xil joylarda umuman O2 yo’q. SO2 esa, aksincha, suvning chuqur qatlamlarida eng ko’p bo’ladi. Fitoplanktonning fotosintetik faoliyati suvning ustki (100-150 metrgacha chuqurlikda bo’lgan) qatlamlaridagi erigan gazlarni kislorod bilan boyitadi, SO2 ni yutadi. Organizmlar ugleroddan tashqari Si, Ca, Mg, K, Vg, I, R, Na, shuningdek, fiziologik ahamiyatga ega bo’lgan V, Zn, Cu, Co, Ni kabi bir qancha og’ir metallarni ham yutadi. Organizmlar o’lganda bu elementlarning bir qismi cho’kadi va tegishli sharoitda to’plana boradi. Temir-Marganesli konkresiyalarda Si, Zn, Ni, so, Mo, Ag, Ti, Pb va boshqa elementlar ham yigiladi. Temir-marganesli konkresiyalarning umumiy miqdorini 10p ga teng deb hisoblash qabul qilingan. Mineral va energetika resurslari. Okean boy mineral resurslar manbaidir. Ular dengiz suvlarida erigan hoddagi kimyoviy elementlar; dengiz tubi tagidagi va tubi yuzasidagi foydali kazilmalardan iborat. 20-asrning 70-yillarigacha dengiz suvlaridan, asosan, osh tuzi (yiliga 8 million tonna), natriy sulfat, magniy xlorid, kaliy xlorid, brom xlorid olinar edi. Fan- texnikaning keskin rivojlanishi sharoitida dengiz suvlaridan xilma-xil kimyoviy elementlar olish istiqbollari ochilmoqda. Okeandan olinadigan mineral xom ashyo umumiy qiymatining 90% neft va gazga to’g’ri keladi. Shelf zonasidagi neft va gazga boy maydon 13 million km2 ga teng (shelf umumiy maydonining ‘/2 qismi). Taxminiy hisobga ko’ra. Okeandagi neftning Geologik zaxiralari (305 metr chuqurlikkacha) 280 milliard tonna gazniki — 140 trillion m3. 20-asr 70-yillar boshigacha neft va gaz qirg’oqdan 150 kilometr uzoqlikdagi 100-110 metr chuqurliklardan olinar edi, yaqin kelajakda bu ishlarni Okeanning qirg’oqdan ancha uzoq va chuqurroq joylarida amalga oshirish imkoni tug’iladi. 40 ga yaqin mamlakat dengiz tubidan neft va gaz chiqarish bilan shug’ullanadi, 100 ga yaqin mamlakat dengiz va Okean shelf zonalarida qidiruv ishlari olib bormoqda. Dengiz tubidan neft va gaz chiqarishning eng yirik konlari Fors va Meksika qo’ltiqlarida joylashgan. Shimoliy dengiz tubidan ham neft va gaz olinmoqda. Shelf metall rudalari va nometall qazilmalarga ham boy. Ular ichida titanli minerallar — ilmenit va rutil, shuningdek, tsirkon va monasit muhim ahamiyatga ega; eng yirik konlar Avstraliya (Sharqiy sohil)da bo’lib, yiliga 1 million tonna titanli minerallar chiqariladi. Bunday sochma konlar Hindiston, Shri Lanka, Malayziya va boshqa mamlakatlar yaqinida ham uchraydi. Qalay (Malayziya, Indoneziya, Tailand, Vetnam va Osiyodagi boshqa mamlakatlar qirg’oqlari yaqinidagi shelflarda), temir rudasi (Yaponiya, Kanadadagi Nyufaundlend), sof oltingugurt (Meksika), kumir (Kanada) va boshqalar qazib chiqarish muhim ahamiyat kasb etmoqda; bir qancha joylarda oltin va platina (masalan, AQShdagi Alyaska va Kaliforniyada), tantaloniobat, magnetit, titan-magnetit, xromit, olmos (Afrikaning Janubiy-g’arbiy qirg’og’idagi Namibiyada) ham topilgan. Fosforit konkresiyalari yotqiziqlari (Meksika, Peru, Chili, JAR va boshqalar) keng tarqalgan. Okean tubining keng maydonlarida o’ziga xos ko’p komponentli rudalar — temir-marganes konkresiyalari yotqiziqlari topilgan; ularning potentsial zaxiralari bir necha trillion tonna hisoblanadi; bu rudalar tarkibidagi marganes, nikel, kobalt zaxiralari ularning quruqlikdagi zaxiralaridan bir necha marta ko’p. Ba’zi mamlakatlarda 4 ming metr chuqurlikdan sanoat yo’li bilan konkresiyalar qazib chiqarish sinab ko’rilmoqda. Neft va gazdan boshqa energetika resurslari ham muhim potentsial ahamiyatga ega. Okeandan energiya olish uchun to’lqinlar kuchi, suv ko’tarilishi va qaytishi yuzaga keltiradigan sath tafovuti yoki suv yuzasi va tagidagi temperatura tafovutidan foydalanish mumkin. Suv ko’tarilishi energiyasining quvvati 1 milliard kVt hisoblanadi. Dastlabki suv ko’tarilishi elektr stansiyasi Frantsiyaning La-Mansh sohilida, Rane daryosi quyiladigan joyda qurildi (1967); Rossiya Federatsiyasida Kola yarim orolining shimolida Kislaya guba suv ko’tarilishi va qaytishi bilan ishlaydigan elektr stansiyasi tajriba tariqasida qurildi (1968); yanada kattaroq quvvatli suv ko’tarilishi va qaytishi elektr stansiyalari qurish loyihalari tuzilmoqda. Kanada, AQSh, Buyuk Britaniyada ham bunday stansiyalar loyihalari ishlab chiqilmoqda. Okeanning termik energiyasidan foydalanishda tropik o’lkalarda sharoit ayniqsa, qulay. Bu yerlarda qirg’oq zonasidagi suvlarning temperaturasi ustki qatlamlarda 30°, 400-500 metr chuqurliqda esa 8-10°. Birinchi gidrotermal elektr stansiyasi Abid- Jan yaqinida (Kot-D’Ivuar)da quriddi. Okean og’ir vodorod (deytriy)ning asosiy manbaidir. Termoyadro reaktsiyasini muvaffaqiyatli boshqarish masalasi xal qilinsa, og’ir vodorod bitmas-tuganmas energiya manbaiga aylanadi. Gidrologik rejimi. Okeanning issiqlik balansi. Okean issiqlik balansining asosiy tarkibiy qismlari: radiatsiya balansi (quyoshning yalpi radiatsiyasidan Okeanning nur qaytarishi ayirmasi), bug’lanishga sarflanadigan issiklik, okean yuzasi bilan atmosfera o’rtasidagi turbulent issiqlik almashinishi va oqimlarning issiqlikni bir joydan ikkinchi joyga olib ketishi. Jami radiatsiya yuqori kengliklardan quyi kengliklarga qarab ko’paya boradi va atmosfera bosimi yuqori bo’lgan joylarda 20° shimoliy kenglik va 20° Janubiy kenglikda maksimumga etadi, bu narsa tropik va subekvatorial kengliklarda bulut kam bo’lishiga bog’liq. Bosim baland joylarda bug’lanishga ham maksimal issiqlik sarf bo’ladi. Turbulent issiqlik almashinish barcha kengliklarda ham boshqalardan kam bo’ladi. Okean suvi 30° shimoliy kenglik bilan 30° Janubiy kenglik orasida issiqlikni yutadi va yuqori kengliklarda esa issiqlikni atmosferaga beradi. Bu faktlar yilning sovuq yarmida o’rta va qutbiy kengliklarda iqlimni anchagina yumshatib turadi. 3-jadvalda Okean issiqlik balansining tarkibi kkal/ sm2 yilda kenglik mintaqalari bo’yicha berilgan Suv balansi. Okean yuzasidan bug’lanadigan namlik, yog’in suvlari va Materikdan oqib tushadigan suvlardan tarkib topadi. Ana shu suvlarning nisbati turli kengliklarda Okean suvining sho’rlik darajasini belgilaydi. Materiklardan oqib tushadigan suvlar Okeanga tushadigan yog’in suvlarining atigi 10% ini tashkil etadi. Shimoliy yarim sharda bug’lanish bir yilda 111,9 santimetr; yog’in 116,7 santimetrga, Janubiy yarim sharda bug’lanish 113,0 santimetr, yog’in 91,6 santimetrga teng. O’rtacha va qutbiy kengliklarda muzlarning erishi va suv muzlashi ham suv balansida muhim ahamiyatga ega. Temperaturasi. Suvning 1 santimetr qalinlikdagi ustki qatlami Okean ustiga tushadigan quyosh energiyasining 94% ini yutadi. Aralashish natijasida issiqlik Okeanning barcha qatlamlariga o’tadi. Okean yuzasidagi suvlarning yillik o’rtacha temperaturasi 17,5°, Okean ustidagi havo temperaturasi esa 14,4° ga teng. Shimoliy yarim sharda suv temperaturasi Janubiy yarim shardagiga nisbatan balandroq (materik ta’sirida). Termik ekvator (eng katta temperaturalar liniyasi) ekvatordan shimolda joylashgan. Bu yerda o’rtacha yillik temperatura 28°, yopiq tropik dengizlarda esa 32°. Ekvatordan qutblarga uzoqlashgan sari u qutbiy o’lkalarda sekin-asta 1,5—1,9° gacha pasayadi. Temperaturaning mavsumiy tebranishlari 100-150 metr chuqurlikkacha yuz beradi. Chuqurlashgan sari temperatura pasayadi va tubi yuzasidagi qatlamda 0° dan pastga tushadi. Lekin bu holat hamma yerda ham bir xil bo’lmaydi. Okean tubida temperatura yuzadan kelib turadigan suv temperaturasiga bog’liq. Okean tubiga yakin suv temperaturasi 1,4—1,8°, qutbiy oblastlarda esa 0° dan past bo’ladi. 7 ming metrdan chuqur botiqlarda temperatura pasaymasdan, aksincha, adiabatik jarayon ta’sirida bir gradusning o’ndan bir ulushlarigacha orta boradi. Sho’rligi. Suv balansining tarkibiy qismlari nisbatiga qarab sho’rlik 0%o dan (yirik daryolar quyiladigan joyda) 30-42%o (tropik dengizlarda — qizil dengiz, Fors qo’ltig’i, O’rta dengiz) gacha bo’ladi. Bunga oqimlar, muz hosil bo’lishi va muz erishi ham ta’sir etadi. 5-jadvadda turli xil kengliklardagi Okean yuzasidagi sho’rlikning o’rtacha miqdori ko’rsatilgan. Shimoliy yarim sharda Janubiy yarim shardagiga nisbatan sho’rlik kamroq: Atlantika okeanining tropik kengliklaridagi qismida 37,25%o; qutbiy o’lkalarda shimolda 31,4%0; Janubda 33,93%o; ekvatorda 32-34%o. Sho’rlikning mavsumiy o’zgarishi suvning yuza qismida, 100— 150 metr chuqurlikkacha seziladi. Okean suvlarining tsirkulyasiyasi. Okeanning 150-200 metr chuqurlikkacha bo’lgan yuza qismida Okean suvlari ko’p esadigan shamollar ta’sirida tsirkulyasiya qiladi. Suvning bu qatlamlari tropik va subtropik kengliklarda antisiklonal, yuqori va mo’tadil kengliklarda tsiklonal aylanma harakat qiladi. Passatlararo teskari okim mavsumiy xarakterga ega va faqat tinch okeandagina yil bo’yi mavjud. Mussonli o’lkalarda yuza okimlar mavsumiy o’zgarib turadi. Hind okeanining shimol qismi va tinch okeanning shimoli-g’arbiy qismi buning yaqqol misolidir. 150-200 metrdan chuqurda suv tsirkulyasiyasi Okean suvi qatlamlari zichligining tafovuti tufayli vujudga keladi. To’lqinlar. Suv massalarining gorizontal va vertikal harakatlaridan tashqari Okeanda shamol, suv ko’tarilishi va qaytishi, zilzilalar natijasida yuzaga keladigan to’lqin harakatlari ham bo’ladi. Shamol to’lqinlari Okeanning 50— 60 metr chuqurlikkacha bo’lgan yuza qatlamlaridagina ro’y beradi; ularning balandligi 12-13 metr va undan ko’proq. Ko’pchilik okean to’lqinlarining balandligi mo’tadil kengliklarda 4 metr, tropiklarda — 1,5 metr. Suv ko’tarilishi to’lqinlari va sunami deb ataladigan seysmik to’lqinlar Okean suvining tubigacha yetib boradi. Suv ko’tarilishi to’lqinlari Okeanda doimo bo’lib turadi. Okeanda ichki to’lqinlar ham bo’ladi. Ularning balandligi bir necha o’n metrga yetadi. Suv ko’tarilishlari. Okean rejimida suv sathining davriy ravishda ko’tarilib-pasayib turishi — suv ko’tarilishlari va suv ko’tarilishi oqimlari muhim rol o’ynaydi. Yarim sutkalik suv ko’tarilishlari eng ko’p takrorlanadi. Ochiq Okeanda bu to’lqinlarning balandligi 1 metrdan oshmaydi, lekin, qirg’oqlarda 3-6 metrga etadi. Eng katta suv ko’tarilishlari okean qo’ltiqlari va chekka dengizlar uchun xosdir: Fandi qo’ltig’ida (Kanadaning Atlantika okeani qirg’og’i) 18 metrga yetadi. Ba’zi o’lkalarda (Meksika qo’ltig’ining g’arbiy qismi, Yava dengizi va boshqalar) suv ko’tarilishlari sutkalik bo’lib, 5,9 metrga yetadi (Oxota dengizi). Boshqa joylarda aralash (yarim sutkalik yoki sutkalik) suv ko’tarilishlari 13,2 metrga yetadi (Oxota dengizidagi Penjina qo’ltig’i). Okean suvlarining aralashishi. Okean suvlari vertikal va gorizontal yo’nalishda aralashib turadi. Natijada gidrologik va gidrokimyoviy xususiyatlari bir qatlamdan ikkinchi qatlamga o’tadi. Aralashish molekulyar va turbulent turlarga ajraladi. Bunda friktsion va konvektiv aralashish yuz beradi. Friktsion aralashish shamol va suv ko’tarilishi shaklida bo’ladi. Shamol ta’sirida suv shamol to’lqinlari yetib borgan chuqurlikkacha aralashadi, suv ko’tarilishi natijasidagi aralashish Okean tubigacha yetadi. Suv aralashishining Okean hayotidagi roli katta. Aralashish natijasida quyosh nuri yuza qatlamlardan quyi qatlamlargacha o’tadi, chuqur qatlamlar kislorodga to’yinadi, yuza qatlamlar to’yimli (biogen) moddalarga boyiydi. Okeanlarning uncha chuqur bo’lmagan va intensiv aralashib turgan joylarida dengiz hayvonlarini ovlash qulay (Barents, Shimoliy, Azov dengizlari, Nyufaund-Lend oroli yaqinida va boshqalar). Okean sathi suv ko’tarilishi, shamollar, atmosfera bosimi ta’sirida o’zgarib turadi. Atmosfera bosimi ta’sirida Okean sathining o’zgarishi mavsumiy xarakterga ega. Shamollar ta’sirida ba’zan, suv sathi juda baland ko’tariladi va Okean sohillarida suv toshqinlariga olib keladi. Okean suvining rangi va shaffofligi uning yorug’lik nurlarini yutish va tarqatish qobiliyatiga, spektral tarkibining o’zgarishiga, yorug’lik oqimining sekinlashishiga bog’liq. Ochiq Okeanda suv o’ta shaffof ko’k rangda bo’ladi. Suv tarkibida zarrachalar ko’p bo’lsa suv zangori-ko’k yoki yashil rangda bo’ladi (qirg’oq bo’yi, ba’zi yopiq dengizlar). Ko’plab loyqa keltiriladigan katta daryolar quyiladigan joylarda suv rangi sarg’ish yoki jigarrang tusda bo’ladi. Zonallik. Quyosh energiyasining Okeanda taqsimlanishi bir xil bo’lmay, zonallik qonuniga bo’ysunadi. Kenglik zonalligi 150-200 metr qalinliqdagi qatlamni o’z ichiga oladi. Shunga binoan, Okeanda quruqlikda bo’lganiday qutbiy, qutb yoni, mo’tadil, subtropik, tropik va ekvatorial mintaqalar bor. Vertikal zonallik yuza, yuza tagi, oraliq, chuqur va Okean tubi yaqinidagi suv massalari shaklida ajralib turadi. Yuza suv massalaridan atmosfera bilan aktiv energiya va modda almashinishi ro’y beradi. O’simlik va hayvonot dunyosi. Tirik organizmlar o.ning yuzasidan tortib eng tagigacha uchraydi. Yashash joyiga qarab suvdagi pelagik organizmlar (passiv suzuvchilar — plankton va faol suzuvchilar — nekton) va Okean tubida yashaydigan organizmlar (bentos) bo’ladi. O’simlik organizmlaridan bakteriyalar va ba’zi quyi zamburug’largina Okeanning hamma joyida uchraydi. Okeandagi biologik, kimyoviy, geologik jarayonlarda bakteriyalar katta rol o’ynaydi. Ular modda almashinishi, oksidlanish-tiklanish jarayonlarida ishtirok etadi, suvda va tub cho’kindilaridagi organic moddalarni o’zlashtiradi va hokazolar. Qolgan o’simlik organizmlar Okeanning fotosintez yuzaga keladigan va yoritilib turadigan ustki qatlamlaridagiga (asosan, 50-100 metr chuqurlikkacha) bo’ladi. Okeanda 10 mingga yaqin o’simlik turi bor. Fitoplankton, asosan, diatom suvo’tlar, qivchinsimonlardan peridineya va kokkolitoforidlardan iborat. Okean tubi o’simliklariga (fito-bentos) diatom, yashil qo’ng’ir va qizil suvo’tlar, shuningdek, gullaydigan o’tsimon o’simliklarning (masalan, zostera) bir necha turi kiradi. Okeanning hayvonot dunyosi yana ham xilma-xildir. Okeanda erkin hayot kechiruvchi hozirgi zamon hayvonlarining sinflari yashaydi, ko’pchilik sinflar esa faqat Okeandagina bor. Okean faunasi 160 mingdan ortiq turni o’z ichiga oladi: 15 ming eng sodda jonivorlar (asosan, radiolyariyalar), 5 ming bulutlar, 9 ming kovakichlilar, 7 mingdan ortiq har xil chuvalchanglar, 80 ming mollyuskalar, 20 mingdan ortiq qisqichbaqasimonlar, 6 ming ignatanlilar va boshqa umurtqasizlar (mshankalar, braxiopodalar, pogonoforalar va boshqa ba’zi bir turlar), 16 ming baliq turi. Umurtqali hayvonlardan Okeanda, baliqdardan tashqari, ba’zi toshbaqalar va ilonlar (50 tur) va 100 xildan ortiq sut emizuvchilar, asosan, kitsimonlar va kurakoyoqlilar yashaydi. Ba’zi qushlarning (pingvinlar, albatroslar, chaykalar va boshqalar — 240 tur) hayoti doimo Okean bilan bog’langan. Tropiklarda hayvon turlari, ayniqsa, xilma-xil. Okean tubi faunasi sayoz marjon riflarida, ayniqsa, ko’p turlardan iborat. Chuqurlashgan sari hayot kamayadi. Eng chuqur joylarda (9000— 10000 metr va undan ham quyida) bakteriyalar va bir necha o’n xil umurtqasiz hayvonlargina yashaydi. Okeanning turli joylarida hayot har xil taraqqiy etgan. Fitoplankton mikdori ustki qatlamlardagi biogen elementlar miqdoriga, birinchi navbatda azot, fosfor, kremniy birikmalariga bog’liq. Fitoplanktonga boy joylarda u bilan oziqlanadigan zooplankton va zooplanktonni yeydigan nekton ham eng ko’p. Okean tubi organizmlari mo”tadil o’lkalarning qirg’oqqa yaqin sayoz joylarida, ayniqsa, ko’p (Okean tubining 1 km2 maydonida bir necha o’n kg fito va zoobentos mavjud). Juda katta chuqurliklardagi tirik organizmlar yuza qatlamlardan cho’kadigan va qirg’oq yaqinidagi sayozliklardan keladigan organik qoldiqlar hisobiga yashaydi. Okeanning turli chuqurliklarida hayot sharoitlari bir xil emas. Chuqurlashgan sari yorug’lik kamayadi, temperatura pasayadi, gidrostatik bosim orta boradi, oziq-ovqat kamayadi va hokazolar. Bularning hammasi Okeanda vertikal biologik zonallikni vujudga keltiradi. Okean tubida quyidagi hayot zonalari mavjud: litoral (suv ko’tarilishi va qaytishi zonasi), sublitoral (200 metrgacha), batial (2500— 3000 metr), abissal (6000 metrgacha), ultraabissal yoki xadal (6000 metrdan chuqur). Okean suvi qatlamlarida, odatda, yuza zona yoki epipelagial (150-200 metr) oraliq, yoki mezopelagial (750-1000 metr) va chuqur suv zonalari ajratiladi. Chuqur suv zonasi o’z navbatida batipelagial (2500-3000 metr), abissopelagial (6000 metr) va ultraabissal (6000 metrdan chuqur) ga bo’linadi. Ko’pgina dengiz organizmlari ovlanadi va oziq-ovqat yoki texnika xom ashyosi sifatida foydalaniladi. Biologik resurslari. Okean yirik biologik resurslar manbaidir. Butun dunyoda ishlatiladigan hayvon oqsilining 12-15%, hayvon yog’larining 3— 4% i Okeandan olinadi. Dunyodagi baliq va boshqa jonivorlar ovining 4/5 qismi dengiz va okeanlarga to’g’ri keladi. Dengizdan ovlanadigan mahsulotlarning 90% ini baliq tashkil etadi. 5% turli xil mollyuskalardan, 3% qisqichbaqasimonlardan, 1,5% suv o’simliklaridan iborat. Dengiz sut emizuvchilari (kitlar, tyulenlar va boshqalar) ham ovlanadi. Okean biologik resurslarining jadal sur’atlarda o’zlashtirilishi va qudratli texnikadan foydalanish bu zaxiralarning keskin kamayishi va tiklanmasdan qolish xavfini tug’diradi. Okeandagi hayvonot va o’simlik dunyosidan oqilona foydalanish zarurati bu sohada xalqaro hamkorlik qilish, Okean hayvonlarini muhofaza qilish masalasini kun tartibiga qo’yadi. Eng qimmatli dengiz hayvonlari va o’simliklarini sun’iy ravishda qaytadan ko’paytirish muhim rol o’ynashi kerak. Xalqaro huquq rejimi. Okean huquq rejimi inson faoliyatining Okean bilan bog’liq bo’lgan 6 ta yirik huquqiy reglamentatsiyasini, ya’ni Okean akvatoriyapari rejimi, Okeanda savdo kemalari qatnovi rejimi, harbiy kemalarning suzib yurishi rejimi, Okeanda ilmiy tadqiqotlar olib borish rejimi, Okean tubi va yer osti boyliklari, shuningdek, Okean muhitini muhofaza qilish huquqiy reglamentatsiyalarini o’z ichiga oladi. Okean huquq rejimi xalqaro shartnomalar va taomillar, shuningdek, ayrim davlatlarning milliy qonunlarida aks etgan. Okean rejimini belgilashda hukumatlararo dengiz konsultativ tashkiloti, BMTning maorif, fan va madaniyat masalalari bilan shug’ullanuvchi tashkiloti (YUNESKO) ning okeanofafiya komissiyasi, BMTning milliy yurisdiktsiya doirasidan tashqarida amal qiladigan qo’mitasi — dengiz va okeanlar ostidan tinchlik maqsadlarida foydalanish qo’mitasi, BMTning dengiz huquqi qo’mitasi va boshqa xalqaro tashkilotlarning roli katta. Okean akvatoriyalari xalqaro huquqiy rejimi dengizga chiqish yo’li bo’lgan har bir davlatning ichki dengiz suvlari, hududiy suvlar va ochiq dengiz suvlari huquqiy reglamentatsiyasini o’z ichiga oladi. Savdo kemalari qatnovining xalqaro huquqiy rejimi barcha mamlakatlar savdo kemalarining tinchlik va o’zaro manfaatdorlik asosida erkin suzishiga yordam berish, dengiz savdo kemalari qatnovi xavfsizligini ta’minlash, yo’lovchilar va yuklarni tashish, savdo kemalari va ularning ekipajlari, yo’lovchilari va yuklarining huquqiy holatiga ochiq dengizda ham, chet davlatlarga tegishli suv va portlarda ham rioya qilish uchun belgilanadi. Harbiy dengiz kemalarining xalqaro huquqiy rejimi barcha mamlakatlar harbiy kemalarining dengizda erkin suzishiga ko’maklashish, xavfsizligini ta’minlash, dengizda bo’ladigan har xil hodisaning oldini olish, dengiz va okeanlarda huquqiy tartibotga bo’ysunishga xizmat qilishdan iborat. Bu rejim ochiq dengizdagi harbiy kemalarga alohida ququqlar (dengizda huquqbuzarlarni ta’qib qilish, dengiz qaroqchilari, qul savdosi va boshqa xalqaro jinoyatlarga qarshi kurashish kabi ququqlar) beradi. Ilmiy tadqiqotlar olib borish xalqaro huquqiy rejimi vazifasi Okeanni, shuningdek, dengiz akvatoriyasidan atmosfera va kosmosni har tomonlama tadqiq etish uchun qulay sharoit yaratishdan iborat. Okean huquqining bu sohasi rivojlanib bormoqda. Okeanni tadqiq etish sohasida hamkorlik to’g’risida tuzilgan bitimi Okean huquqida alohida ahamiyatga ega. Okean muhitining xalqaro-huquqiy muhofazasi Okeandan har qanday maqsadda foydalangan holda ham dengiz muhitini, ekologik muvozanatini saklashdan, uning ifloslanishiga (ayniqsa, radioaktiv moddalarning tarqalishiga) yo’l qo’ymaslikdan, shuningdek, flora va fauna, Okean tubi va yer osti boyliklari, Okean ustidagi atmosferaga va shu kabilarga zarar yetkazilishining oldini olishdan iborat. Okeanda baliq va dengiz hayvonlari ovlash va o’simliklar yig’ishni tartibga soladigan xalqaro huquq Okeandagi biomassalarning rivojlanishiga zarar yetkazmasdan ish ko’rishni belgilaydi. Okean tubi va yer osti boyliklari xalqaro huquq rejimi hozirgi dengiz huquqida kam ishlangan sohadir. Dengizdan foydalanishning bu turi 60-yillar va 70-yillarning boshida rivojlana boshladi. Ad.: Shokalskiy Yu. M., Okeanografiya, 2 izd., L., 1959; Kerrington R., Biografiya morya, Per. s angl., L., 1966; is- toshin yu. V., Okeanologiya, L., 1969; Di- Trix g., Obtshaya okeanografiya, Per. s nem., M., 1962; Okean (SB. st.), Per. s angl., M., 1971; Shepard F. P., Morskaya geologiya, Per. s angl., 2 izd., L., 1969; Leontev O. K., Dno okeana, M., 1968; okean i chelovechestvo, M” 1968.