O‘ktam Usmonov (1938-1990)
O‘ktam Usmonov (1938.25.7, Qibray tumani Baytqo‘rg‘on qishlog‘i — 1990.3.1) — yozuvchi, jurnalist. Nizomiy nomidagi Toshkent pedagogika institutining tarix-filologiya fakultetini tugatgan (1959).
«Lenin uchquni», «Sovet O‘zbekistoni» gazetalarida adabiy xodim va bo‘lim mudiri (1959—72), Respublika partiya MKda mas’ul xodim (1972—82), O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasida kotib (1983—86), «Sovet O‘zbekistoni» gazetasida Bosh muharrir (1987—90) bo‘lib ishlagan.
Dastlabki hikoyalari 50-yillarning oxirlarida e’lon qilingan. Birinchi hikoyalar to‘plami — «Guldasta» (1964). Shundan keyin «Bas boylashgan bola» (1965), «Bahor chaqmoqlari» (1970), «Notinch kecha» (1976), «Sirli sohil» (1981), «Kishan» (1984), «Qismat» (1988) hikoyalar va qissalardan iborat kitoblari chop etilgan.
O‘ktam Usmonov ijodida «Girdob» (1979) romani muhim o‘rin tutadi. Roman asosida yaratilgan videofilm xalq orasida shuhrat qozongan. Asarda ziyolilarning mashaqqat va izlanishlarga to‘la hayoti, haqiqat va nohaqlik o‘rtasidagi shiddatli kurashlar, ziddiyatlar mahorat bilan tasvirlangan. Aziz, Mahamatchatoq obrazlari hayotiy, samimiy bo‘yoqlarda chizilgan. Mazkur roman 1980 yili Oybek mukofotiga sazovor bo‘lgan.
O‘ktam Usmonov T. Drayzerning «Amerika fojiasi» romanini, A. Shirvonzodaning «Nomus» qissasini o‘zbek tiliga tarjima qilgan.
Yozuvchining bir qator asarlari, jumladan, «Chest» (1977), «Rasskazы» (1983) rus va qardosh tillarda chop etilgan.