Oliy attestatsiya komissiyasi
Oliy attestatsiya komissiyasi (OAK), O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi quzuridagi Oliy attestatsiya komissiyasi — O’zbekistonda ilmiy va ilmiy-pedagog xodimlarga fan, texnika, xalq ta’limi va madaniyatning barcha yo’nalishi bo’yicha ilmiy daraja va unvon beruvchi davlat organi. O’zbekiston Respublikasi Prezidentining “O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oliy attestatsiya komissiyasi tashkil qilish to’g’risida”gi farmoni (1992 yil 31 mart) hamda O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oliy attestatsiya komissiyasi faoliyatini tashkil etish masalalari” haqidagi qarori (1992 yil 9 sentabr) bilan tashkil etilgan. OAK ning asosiy vazifasi oliy malakali ilmiy va ilmiy-pedagog kadrlarni tayyorlash hamda attestatsiyadan o’tkazish tizimini takomillashtirish, oliy malakali ilmiy va ilmiy-pedagog kadrlarni attestatsiyadan o’tkazishga rahbarlik qilish hamda ilmiy daraja va unvonlarga qo’yiladigan talablarning yagonaligi va bajarilishini ta’minlash, ixtisoslashgan kengashlar ishi va dissertatsiya ishlari sifatini, ularning ilmiy hamda amaliy qiymatini nazorat qilib borishdan iborat. OAK vazirlik va idoralarning, O’zbekiston Respublikasi Fanlar Akademiyasining taqdimnomalariga binoan, yetakchi oliy o’quv yurtlari va ishlab chiqarish muassasalarida fan doktori va fan nomzodi ilmiy darajalarini olish uchun dissertatsiyalar himoya qilish bo’yicha ixtisoslashgan kengashlar tuzadi, manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ilmiy-texnika va ijtimoiy taraqqiyot talablarini hisobga olgan holda, rejalashtirilayotgan Doktorlik va nomzodlik dissertatsiyalarining mavzularini shakllantirish ishlarini muvofiqlashtiradi hamda monitoringini olib boradi, tegishli ixtisoslashgan kengashning taqdimnomasi asosida fan doktori, fan nomzodi ilmiy darajalarini, professor, dotsent ilmiy unvonlarini beradi, boshqa davlatlarning ilmiy darajalari haqidagi diplomlarni o’rnatilgan tartibda respublika diplomlariga tenglashtirish (nostrifikatsiyalash)ni amalga oshiradi, fan doktori, fan nomzodi diplomlari hamda professor, dotsent attestatlarini rasmiylashtiradi, yoqlangan dissertatsiya ishlarini tahlil qiladi hamda natijalari dissertatsiya ishlarida bayon etilib, bajarilgan ilmiy tadqiqot haqida, ularni amaliyotga joriy qilish imkoniyati to’g’risidagi tegishli tavsiyalar bilan birgalikda vazirlik, idoralarga axborotlar yuborishni ta’minlaydi. OAK ga oliy malakali ilmiy va ilmiy-pedagog kadrlarni attestatsiyadan o’tkazishni tashkil qilish yuzasidan korxona, tashkilot, muassasalar tomonidan, ularning idoraviy bo’ysunishidan qat’i nazar, bajarilishi shart bo’lgan buyruq va yo’riqnomalar chiqarish, shuningdek, ularning ijrosini nazorat qilish, ilmiy, ilmiy-pedagog kadrlarni attestatsiyadan o’tkazish masalalari bo’yicha ixtisoslashgan kengash va ilmiy kengashlar faoliyati ustidan davlat nazoratini amalga oshirish, OAK ilmiy kengashi va Rayosati majlislarida ish tajribalarini o’rganish va umumlashtirish maqsadida ixtisoslashgan kengashlar raislarining hisobotlarini eshitish, ixtisoslashgan kengashlarda ishlar sifatsiz olib borilgan yoki dissertatsiya yoqlash yuzasidan belgilangan tartib qo’pol ravishda buzilgan hollarda ularni tugatishgacha bo’lgan choralarni ko’rish, ixtisoslashgan kengashlar faoliyatini tekshirib turish, ayrim dissertatsiyalarni nazorat ekspertizasidan o’tkazish uchun zarur hollarda opponent va taqrizchilar tayinlash, oliy o’quv yurtlari, O’zbekiston Fanlar Akademiyasi, korxona, muassasa va tashkilotlarning yuqori malakali mutaxassislarini jalb qilish, nomzodlik imtihonlarini tashkil etish va ularning saviyasi ustidan nazoratni amalga oshirish, ilmiy daraja va unvonlar beruvchi kengashlar ishlab turgan tashkilot, muassasalardan belgilangan tartibda har yilgi hisobotlarni hamda respublikada ilmiy va ilmiy-pedagog kadrlar tayyorlash, ularni attestatsiyadan o’tkazish tizimini takomillashtirish bo’yicha takliflar tayyorlash va chora-tadbirlar ko’rish uchun vazirlik hamda idoralardan zarur axborotlar olib turish, oliy malakali ilmiy va ilmiy-pedagog kadrlar attestatsiyasi tizimini takomillashtirish, dissertatsiyalarning ilmiy saviyasi va amaliy qiymatini oshirish bilan bog’liq muammolarni xal qilish uchun belgilangan tartibda idoralararo kengashlar chaqirish, oliy malakali ilmiy va ilmiy-pedagog kadrlarni tayyorlash hamda attestatsiyadan o’tkazish masalalari bo’yicha xalqaro tashkilot, kengash, konferentsiyalar ishida qatnashish, boshqa mamlakatlarning tegishli tashkilotlari bilan tajriba almashishni amalga oshirish, belgilangan tartibda ilmiy va ilmiy-pedagog kadrlarni ilmiy daraja va ilmiy unvonlardan mahrum qilish yoki tiklash huquqi berilgan. OAK MDH davlatlari orasida birinchi bo’lib zamonaviy informatsion texnologiyalar asosida dissertatsiyalarning elektron ekspertizasini o’tkazish, shuningdek, dissertatsiyalarni xolisona, mustaqil, ob’yektiv ekspertizasini o’tkazish maqsadida ularni taqrizchilarga kompyuter dasturi orqali taqsimlash hamda chet el mutaxassis olimlarini elektron pochta orqali ekspertiza ishlariga jalb qilishni tashkil etdi. OAK raisi, uning o’rinbosari, bosh ilmiy kotib va OAK ilmiy kengashi boshqa a’zolaridan iborat Rayosat OAKning ijroiy rahbar organi hisoblanadi. Rayosat a’zolari soni va tarkibini O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tasdiqlaydi. OAK ilmiy kengashi ilmiy ijtimoiy organ bo’lib, u oliy o’quv yurtlari, ilmiy tadqiqot muassasa va tashkilotlari, vazirlik, idora, O’zbekiston Fanlar Akademiyasining takliflari asosida fanning asosiy yo’nalishlari bo’yicha yetakchi olim va mutaxassislardan tuziladi. Ilmiy kengash a’zolari soni va tarkibi ham O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdikdanadi va vaqti-vaqti bilan yangilanib turiladi. OAK tarkibida Fizika-matematika, texnika fanlari va yer haqidagi fanlar, biologiya, qishloq xo’jaligi, kimyo va tibbiyot fanlari, gumanitar va ijtimoiy fanlar bo’linmalari, Me’yoriy-axborot bo’limi bor. Taqdim etilgan dissertatsiyalarni ilmiy ekspertizadan o’tkazish, ilmiy unvonlar berish to’g’risidagi taqdimnomalarni ko’rib chiqish uchun OAK huzurida fan tarmoqlari bo’yicha xalq xo’jaligi va madaniyatning yetakchi mutaxassis olimlaridan iborat 14 ekspert kengash mavjud. Ularning tarkibi oliy o’quv yurtlari, ilmiy tadqiqot institut va muassasalari, O’zbekiston Respublikasi Fanlar Akadmeiyasi, manfaatdor vazirlik va idoralarning tavsiyalari hisobga olingan holda belgilanadi va keyinchalik kengashning kamida 1/3 qismini yangilash sharti bilan OAK Rayosati tomonidan 3 yil muddatga tasdiqlanadi. OAK ga O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarori bilan tayinlanadigan rais boshchilik qiladi. U OAK ilmiy kengashi, Rayosati va xdy’ati ishiga rahbarlik qiladi hamda OAK ga yuklatilgan vazifalarning bajarilishi uchun shaxsan javob beradi. OAK “Oliy attestasiya Komissiyasi byulleteni” jurnalni nashr etadi. Muhsin Muhiddinov.