Olloqulixon
Olloqulixon (taxminan 1794-1842) -Xiva xoni (1825-42) — Muhammad Rahimxonning o’g’li. Olloqulixon davrida zulm, talonchilik, o’zaro urushlar kuchaygan. Olloqulixon Buxoro bilan sulh tuzilganiga qaramay 7 marta Buxoro xonligi hududiga yurishlar qilib qishloqlarni talab qaytgan. Xurosonga 5 marta yurish qilgan. Qoraqalpoq va turkmanlarning qo’zg’olonlarini beshafqat bostirgan (1828). Rossiya bilan savdo va elchilik munosabatlarini (1840-41) rivojlantirgan. Olloqulixon davrida Xivada karvonsaroy, Tim, 111 xona va bo’lmali Toshhovli saroyi (1834-35), Ichan qal’aning Sharqiy darvozasiga tutashtirib qurilgan Olloqulixon madrasasi, oq masjid, Saitboy masjidi, Toshhovuz qal’asi (1835-36) va boshqa inshootlar qurilgan. Yangi kanallar qazdirib sug’oriladigan yerlarni kengaytirgan. Xiva shahrining obodonchiligi uchun ko’p mehnat sarf qilgan. Olloqulixon davrida koshinpazlik (koshinkorlik) san’ati yuksak cho’qqiga chiqqan. Pahlavon Mahmud maqbarasi va ko’hna Ark koshinlar bilan bezatilgan. Sayid Alovuddin maqbarasi va b. ko’pgina tarixiy obidalar ta’mirlandi. Arabxon va Muhammad Amin inoq madrasalari qaytadan qurildi. Xiva shahrining atrofi mudofaa devori bilan o’rab olingan (1842). Ichan qal’a tashqarisida yashayotgan aholini himoya qilish maqsadida Dishan qal’a (tashqari qal’a) qurilgan. Qal’aning uzunligi 6250 metr bo’lib, shunday ulkan qurilish qo’l kuchi bilan paxsadan 30 kun davomida qurib bitkazilgan. Ichan qal’aning Janubiy darvozasidan Dishan qal’a devorigacha bo’lgan masofa 300-400 metrni tashkil qochadi. Olloqulixon 1842 yil Chorjo’yga yurish qilib qal’ani qamal qilgan paytda og’ir kasalga duchor bo’lib orqaga qaytishga majbur bo’lgan va 23 noyabrda vafot yetgan. Uni o’zi hayot vaqtida tayyorlab qo’ygan Pahlavon Mahmud maqbarasiga dafn etishgan. Ad.: Yo’ldoshev M., Xiva xonligida feodal yer egaligi va davlat tuzilishi, T., 1959; Gulyamov Ya. G., Pamyatniki Goroda Xivi, T., 1941; Xudoyberganov K., Xiva — 2500. Xiva xonlari shajarasi, Xiva, 1996. Sevara Saburova.