Olmaliq “Ammofos” aktsiyadorlik jamiyati
Olmaliq “Ammofos” aktsiyadorlik jamiyati – O’zbekistondagi yirik kimyo korxonalaridan biri. “O’zkimyosanoat” davlat-aktsiyadorlik kompaniyasi tarkibida. Azotli va fosforli o’g’it — ammofos, shuningdek, monoammoniy-fosfat, salifos, ammoniy sulfat, yog’och-tolali taxtalar, polietilen plyonkalar ishlab chiqaradi. 1969 yil dekabrda Olmaliq kimyo zavodining ilk navbati ishga tushirilgan va sobiq Ittifoqda 1-marta ekstraktsion fosfat kislota hosil qilish uchun xom ashyo sifatida Qoratov (Janubiy Qozog’iston) fosforiti qo’llanilgan. Korxona 2-navbati 1973 yilda ishga tushirilgan. 1998 yildan Qizilqum fosforit kombinatida ishlab chiqariladigan fosforit unini qayta ishlaydi. Korxona yiliga 338,1 ming tonna fosforli o’g’itlar, 500 ming tonna sulfat kislotasi ishlab chiqarish quvvatiga ega. 1992 yilning Fevral oyidan korxona “Ammofos” ishlab chiqarish birlashmasi deb nomlandi. 2001 yil dekabrdan, hozirgi nomda va ochiq turdagi aktsiyadorlik jamiyati. Korxonada 2 ta ammofos tsexi, 3 ta ekstraktsiyalangan fosfor kislotasi tsexi, oltingugurt kislotasi, xalq iste’mol mollari ishlab chiqarish bo’limlari, qator yordamchi tsexlar va “Turon MS1” O’zbekiston — AQSh qo’shma korxonasi bor. Korxona mahsulotlariga ichki bozorda talab katta va respublikaning turli mintaqalaridagi barcha turdagi qishloq xo’jaligi mahsulotlari etishtirish uchun ishlatiladi. Bundan tashqari, MDH mamlakatlariga, Xitoy va Eronga eksport qilinadi.