“Oltiariq” sanatoriysi
“Oltiariq” sanatoriysi – balneologik kurort. Farg’ona viloyatining Oltiariq tumanida, Farg’ona shahridan 50 kilometr, tuman markazidan 9 kilometr uzoqlikda. Maydoni 33 gektar, iqlimi quruq, sershamol. Yillik o’rtacha temperatura 13°, iyulda 26-28°, yanvarning o’rtacha temperaturasi -2°. 1954 yilda Markaziy Farg’ona cho’lini o’zlashtiruvchilar uchun ichimlik suv qidirib chuqur quduq parmalanganida issiq mineral suv otilib chiqqan. Shu joyga vannaxonalar qurilib, cho’lquvarlar davolanadigan balneologiya kasalxonasi tashkil etilgan. 1976 yil sanatoriy qurishga kirishilgan va 1979 yil 9 mayda sanatoriy rasmiy ravishda ochilib, urush va mehnat faxriylarini davolay boshlagan, keyinchalik tayanchharakat a’zolari, nerv sistemasi, ovqat hazm qilish a’zolari kasalliklari, qandli diabetning insulinga muxtoj bo’lmagan xili bilan og’riganlar davolanadigan maskanga aylantirilgan. Sanatoriy yaxshi ko’kalamzorlashtirilgan. “Oltiariq” sanatoriysida 1756 metr chuqurlikdan 41° issiqlikdagi tiniq, chuchuk, mayin mineral suv chiqib turadi. Uning tarkibida litiy, kaliy, natriy, magniy, kaltsiy, strontsiy, kobalt, nikel, qo’rg’oshin, rux, ftor, xlor kabi kimyoviy elementlar, shuningdek, karbonat-gidrokarbonat, kremniy kislotasi va boshqalar bor. Mineral suvdan, asosan, vannalar uchun, me’dani yuvish, ichaklarni chayish, tyubaj, dush (aylanma va ko’tarilma), suv osti massaji qilish usullaridan foydalaniladi. Bundan tashqari, fizioterapiya, davo fizkulturasi, massaj, issiq (parafin va ozokerit) bilan davolash usullari ham qo’llanadi. 300 o’ringa mo’ljallangan yotoq korpusi, yozgi va qishki klub, kutubxona, sport maydonchalari, choyxonalar mavjud.