Orttirilgan immun tanqisligi sindromi

Orttirilgan immun tanqisligi sindromi (OITS) — retrovirus guruhiga mansub virus qo’zg’atadigan kasallik; ikki davrga bo’linadi: OITV infektsiyasi va bevosita OITS (SPID) davri. OITV infektsiyasi davri odam organizmida virus bor, lekin kasallik alomatlari hali namoyon bo’lmagan davr. Virus deyarli bir vaqtda Parijda professor Lyuk Montane hamda AQShda professor Gallo boshchiligidagi olimlar tomonidan kashf etilgan (1983 yil). Bu virus odamning immunitet tizimiga tanlab ta’sir ko’rsatadi, ayniqsa, SD4+ immun hujayralariga qirg’in keltiradi. Virus odam organizmiga tushgach, 2-3 kundan so’ng, 25-30% hollarda birlamchi infektsiya davriga xos alomatlar kuzatilishi mumkin. Bu “o’tkir serokonversiya sindromi” deb ataladi, bunda harorat ko’tariladi, tunda terlash, bo’g’imlar va bosh og’rig’i, loxaslik, qayt qilish, ich ketishi, badanda, ayniqsa, uning yuqori qismida toshmalar paydo bo’lishi mumkin. Bu alomatlar odam organizmiga tushgan virus ta’siriga immunitet tizimi ma’lum darajada javob qaytarish reaktsiyasi bilan bog’liq. Lekin bu davrda antitelolarni aniqlash natija bermaydi, chunki immunitet tizimining javobi hali to’liq shakllanmagan bo’ladi. Kasallikning bu davri 8-10 yilgacha, ba’zan undan ham uzoq davom etishi mumkin. Hozirgi kunda amaliyotda OITV infektsiyasi tashhisini qo’yish qonda kasallik virusiga qarshi paydo bo’lgan antitelolarni aniqlash — immun ferment taxlili (IFT) reaktsiyasiga asoslangan. Dastlabki antitelolar virus organizmga tushgach, 3 haftadan so’ng shakllana boshlasa ham, qo’llanadigan diagnostikumlar ularni ilg’ay olmaydi. Shu bois, odamga ushbu infektsiya ilashgani to’g’risida virus organizmga tushganidan so’ng 90 kun o’tkazib olingan tekshirish natijasiga qarab xulosa chiqarish mumkin. OITS OITV infektsiyasining yakuniy davri hisoblanadi. Virus bilan organizm o’rtasidagi kurash uzoq davom etib, virusning ustunligi bilan tugaydi. Shu vaqtdan OITS davri boshlanadi. Bu davrda odam organizmi har qanday mikrobga bardosh berish xususiyatini yo’qotadi. Jumladan, nafas, me’da-ichak, siydik yo’llarida doimo mavjud bo’lgan va kasallik qo’zg’ata ol-maydigan mikroblar ham faollashib, turli xastaliklarni keltirib chiqarishi mumkin. Ularning namoyon bo’lishi organizmda yuzaga kelgan OITS holati bilan bog’liq bo’lgani uchun, ushbu guruhga kiruvchi kasalliklar jamlangan holda OITS bilan bog’liq (assosiyrlangan) infektsiyalar deb ataladi. Bular bakterial infektsiyalar, zamburug’li kasalliklar, viruslar qo’zg’atadigan kasalliklar, Kaposhi sarkomasi va hokazolar. Kasallik virusi infektsiya yuqqan odamning qonida, erkaklar shahvatida, ayollarning jinsiy a’zolari chiqindilarida va ko’krak sutida bo’ladi. Shuning uchun OITV, asosan, uch xil yo’l bilan yuqadi: qon orqali, jinsiy aloqa vositasida va infektsiya yuqqan onadan homilasiga vertikal yo’l bilan o’tadi. OITS bilan og’riganlarning ko’pchiligini narkomanlar (giyohvandlar), fohishalar, gomo – va biseksuallar tashkil etadi. OITS organizmga jinsiy aloqa, parenteral muolajalar (nosteril igna, shpris va boshqa tibbiy anjomlar ishlatilganda), inifisirlangan qon va uning o’rnini bosuvchi dorilarni qo’llash, a’zo va to’qimalarni ko’chirib o’tkazish (transplantasiya) vaqtida, shuningdek, virusni yuktirib olgan onadan homilaga homiladorlik davrida, tug’ish jarayonida va go’dak emiziladigan bo’lsa, ko’krak suti bilan yuqib qolishi mumkin. O’zbekistonda OITV/OITS bilan bog’liq masalalar Sog’liqni saqlash vazirligining OITV/OITS xizmati tomonidan amalga oshiriladi. Respublika OITV/OITS markazi, Qoraqalpog’iston Respublikasi OITV/OITS markazi, Toshkent shahar va viloyatlar OITV/ OITS markazlari o’z hududlarida ushbu soha faoliyati bilan bog’liq barcha profilaktik, epidemiologik, laboratoriya tekshiruvi, davolash tadbirlarini olib boradi. Har bir markaz qoshida o’z ixtiyori bilan laboratoriya tekshiruvi uchun kelganlarni sir saqlagan holda tekshiradigan anonym xonalar mavjud. Maqsadli guruhlar-giyohvandlar va seks xodimlari bilan virus yuqib qolishining odsini olish maqsadida xufiyona ish olib boradigan Ishonch punktlari (IP) ham ishlaydi. Profilaktikasi. Ushbu infektsiya keng tarqalgan kasalliklardan biri bo’lgani uchun muhofaza tadbirlari ijtimoiy hayotning barcha soha vakillari ishtirokida olib borilishi lozim. Har bir yigit-qiz bu infektsiyaning tarqalish yo’llari, uning oldini oladigan tadbirlardan xabardor bo’lishi va o’zini undan ehtiyot qilishi kerak. Ad.: Axtamov M. A., Ahmedov M. A., SPID. T., 1991; V1J/-infektsiya. Rukovodstvo dlya vrachey, Nijniy Novgorod, 1999. Shonosir Shovahobov.