Oshiq Erkin (1937)
Oshiq Erkin (Erkin Madrahimov) 1937 yil 7 mayda Xivada tug‘ilgan. Toshkent Davlat universiteti (hozirgi O‘zMU)ning jurnalistika fakul’tetini tugatgan.
1956 yildan ommaviy axborot vositalari tizimida ishlab keladi. 1959 yildan “O‘rta Osiyo universiteti” gazetasida mas’ul kotib, 1961 yilda “O‘zbekiston ovozi”, 1962 yildan O‘zbekiston teleradiokompaniyasi muxbiri, 1971 yildan Bog‘ot tuman gazetasi muharriri, 1974 yildan “Qishloq haqiqati”, “Selskaya Pravda” gazetalarining Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyati bo‘yicha muxbiri lavozimlarida ishlagan.
1986-2010 yillar davomida O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi Xorazm viloyat bo‘limi mas’ul kotibi vazifasida xizmat qilgan.
Oshiq Erkinning 30 ga yaqin badiiy va publitsistik kitoblari nashr etilgan. Jumladan, “Iqbol”, “Ohular”, “Yilga tatigan bir tong”, ”Yolg‘onning umri qisqa”, “Po‘lat va uning bobosi”, “Tillaqush”, “Mehring tushdi yurakka”, “Azim daryo”, “O‘lguncha sizni derman”, “Ishqing tushdi yurakka”, “ Mujgoningga sallamno” kabi kitoblari she’riyat ixlosmandlariga yaxshi tanish.
Oshiq Erkin “Shuhrat” medali hamda “Qoraqalpog‘istonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi” unvoni bilan taqdirlangan.