Osiyo o’yinlari
Osiyo o’yinlari – Osiyo qit’asining nufuzli sport musobaqalari. 4 yilda 1 marta o’tkaziladi. Osiyo Olimpiada kengashi 1949 yil 13 Fevralda asos solgan va musobaqalarni o’tkazuvchi Osiyo o’yinlari federatsiyasini tashkil etgan. Uning nizomi Olimpiada o’yinlari g’oyalari asosida tuzilgan. Har bir davlat Osiyo o’yinlarining qaysi turlarida ishtirok etishini o’zi belgilaydi, lekin vakillari tarkibi tashkiliy qo’mita va Osiyo Olimpiada kengashi belgilagan sondan oshib ketmasligi kerak. Osiyo o’yinlarida voleybol, futbol, yengil atletika, suzish kabi Olimpiada o’yinlari dasturiga kirgan sport turlari hamda muaytay, sepak tekrav singari milliy sport turlari bo’yicha musobaqalar uyushtiriladi. Osiyo o’yinlari dasturiga biror milliy sport turini kiritish uchun bu tur qit’aning kamida 6 ta davlatida ommalashgan bo’lishi va kamida 4 mamlakatdan shu tur bo’yicha sportchilar ishtirok etishi zarur. O’zbekiston sportchilari Osiyo o’yinlariga 1994 yildan qatnashadi. Sportchilarimiz Osiyo o’yinlarining 100 dan ortiq medallari bilan taqdirlanishdi (2002), ulardan 31 tasi oltin medaldir. Baydarkachi Ivan Kireyev (1994) 3 bor, gimnastikami Oksana Chusovitina (2002) va bokschi Sergey Mixaylov (1998, 2002) 2 martadan Osiyo o’yinlari chempioni bo’ldi. O’zbekiston futbol terma jamoasi 1994 yilda Xirosimada qit’a chempioni unvonini qo’lga kiritdi. Osiyo o’yinlari qit’a davlatlarida milliy sport turlarining keng ommalashishiga yordam berayapti. 2006 yilda Do’hada bo’ladigan Osiyo o’yinlari dasturiga o’zbek kurashi musobaqalari ham kiritildi.