Osminoglar
Osminoglar (Octopoda), sakkizoyoqlilar — bosh-oyoqli mollyuskalar turkumi. Uzunligi 1 santimetrdan 60 santimetrgacha, qo’llari bilan birga 3-5 metrgacha, vazni 50 kilogramm va undan ko’proq. Gavdasi oval, xaltasimon, boshi tanasidan sal ajralib turadi. Og’zi atrofida so’rg’ichlar bilan qoplangan 8 ta qo’li joylashgan. 200 turi ma’lum. 11 oilaga bo’linadi. Deyarli barcha dengizlarda uchraydi. Urg’ochisi bir necha ming tuxumini suv tubiga yoki uyasi tomiga osib qo’yadi, ba’zan qo’lida, argonavt chig’anog’ida olib yuradi. Urg’ochisi tuxumlarini qo’riqlaydi va tozalab turadi. Bu davrda ular hech narsa emasdan juda ozib ketadi va ko’pincha halok bo’ladi. Inkubasiya davri bir necha sutkadan 1 yilgacha, 2 turi tirik tug’adi. Suv tubida, suv qa’rida yoki planktonda yashaydi. Zooplankton, baliklar, krablar, krevetkalar, mollyuskalar, ba’zan chuvalchanglar va ignaterililar bilan oziqlanadi. Ayrim turlari doimo inida yashaydi. Ko’pchilik Osminoglarning o’z joyini tanish xususiyati yaxshi rivojlangan; xilma-xil va murakkab shartli reflekslar hosil qiladi; qo’lga oson o’rganadi. Tajribalarda Osminoglar Qisqichbaqa solingan banka qopqog’ini ochishni bilgan; g’ovvos ko’lidan baliqni bemalol olgan. Osminoglar go’shti uchun sanoat miqyosida ovlanadi. Ayrim joylarda Osminoglar soni tez kamayib ketmoqda.