Otaniyozov Komiljon
Otaniyozov Komiljon (1917.20.7, Shovot tumani Bo’yrachi qishlog’i — 1975.5.11, Toshkent; o’z qishlog’iga dafn etilgan) — xonanda, sozanda (tor), aktyor va bastakor. O’zbekiston (1949), Turkmaniston (1964), Qoraqalpog’iston (1968) xalq artisti. Nihoyatda jozibali va kuchli ovoz sohibi bo’lib, har bir asar talqinida badiiy yetuklikka erishgan. Doston yo’llarini bola baxshi Abdullayevdan, Xorazm maqom ashula yo’llarini Matpano Xudoyberganovdan o’rgangan. Toshkentdagi Hamza nomidagi musiqa bilim yurtini tugatgan (1955), Toshkent konservatoriyasida ta’lim olgan (1955-56). Xorazm teatrlarida xonanda va aktyor sifatida ishlab (1936-52), Farhod (“Farhod va Shirin”), Tohir, Parfi Hofiz (“Tohir va Zuhra”), qodir (“Gulsara”), Davron Ota (“Davron Ota”) kabi obrazlar yaratgan. Otaniyozov Xorazm viloyat teatrida ashula va raqs ansambli tuzib (1949), kontsertlar uyushtirgan. 1957-75 yillarda O’zbekiston davlat filarmoniyasida yakkaxon xonanda, 1957 yilda filarmoniya qoshida Xorazm ashula va raqs ansambli (hozirgi “Lazgi”, 1957-59 va 1963-68 yillarda badiiy rahbari), 1967 yilda Turkmanistonning Toshhovuz viloyati teatrida xalq ansambli, 1973— 74 yillar Shovot tumanida “Feruz” ansamblini tashkil etdi. Otaniyozov 30-yillardan murakkab xalq ashulalarini, dostonlardan qo’shiqlar ayta boshlagan. Xorazm Suvora va maqomlari Otaniyozov ijrochilik faoliyatining yuqori bosqichi bo’ldi. Otaniyozov Xorazm Doston qo’shiq(noma)lari asosida yangicha uslub yaratgan. Bastakor sifatida bu uslubda ijod qilgan “Salom, senga Xorazmdan”, “Muborak”, “Vatan”, “olqish”, “Temir yo’l”, “O’zbekiston”, “Xorazm” kabi qo’shiqlari o’zining ommabopligi va xalqchilligi bilan ajralib turadi. Otaniyozov A. Stepanov bilan hamkorlikda “Aziz va Sanam”, “oshiq g’arib”, S. Hayitboyev bilan “So’nggi xon” kabi musiqali dramalar yaratdi. Osiyo mamlakatlarida gastrolda bo’lgan. As: uchirdim shunqor qushimni, T., 1987.