Ottava
Ottava — Kanadaning poytaxti. Mamlakatning Janubiy-Sharqiy qismida, ottava daryosi va rido kanali sohillarida, 72 metr balandlikda, Ontario provintsiyasida. Iqlimi mo’tadil kontinental iqlim. Yanvarning o’rtacha temperaturasi — 11°, iyulniki 20,3°. Yillik yog’in 879 mm. Aholisi 1,06 million kishi (2001), asosan, Yevropadan ko’chib borgan ingliz va Fransuzlarning avlodlari. Ottavaga 19-asrning 20-yillarida asos solingan va dastlab Baytaun deb atalgan. 1854 yilda shahar huquqini olgach, Ottava deb atala boshladi. 1858 yildan Angliya mustamlakasi, 1867 yildan Kanada poytaxti. Ottava — mamlakatning siyosiy, madaniy va iqtisodiy markazi. Temir yo’l va shosse yo’llar tuguni, daryo porti. Aeroporti xalqaro ahamiyatga ega. Tsellyuloza-qog’oz, poligrafiya, to’qimachilik, kimyo, mashinasozlik va metallsozlik, yog’ochsozlik, mebel, oziq-ovqat sanoati korxonalari bor. EHM, ilmiy asboblar va hokazolarlar ishlab chiqariladi. Ottavada Kanada Qirollik ilmiy jamiyati, Ottava va Karlton universitetlari, Kanada ilmiy tadqiqot kengashi (Fanlar Akademiyasi), ilmiy muassasalar, kutubxonalar, muzeylar, Milliy galereya (1880), rasadxona, milliy san’at markazi bor. Shaharda bog’ va gulzor ko’p.