Oxunboboyev tumani
Oxunboboyev tumani (1943 yilgacha Marg’ilon tumani) — Farg’ona viloyatidagi tuman. 1926 yilda tashkil etilgan. Keyinchalik tuman hududidan Toshloq, Yozyovon kabi yangi tumanlar ajralib chiqqan. G’arbdan Oltiariq, Janubdan Farg’ona, shimoldan Yozyovon, sharqdan Toshloq tumanlari va Marg’ilon shahri bilan chegaradosh. Maydoni 0,39 ming km2. Aholisi 137,3 ming kishi (2003). Oxunboboyev tumanida 16 ta qishloq fuqarolari yig’ini (Boltaliko’l, Do’rmon, Yo’ldoshobod, Langar, Loyson, Oxunboboev, Paxtakor, Sarimozor, Solijonobod, Surxtepa, Xalqobod, Shahartepa, O’qchi, Koraqushchi, Qumtepa, G’ishtmon bor). Markazi — Langar qishlog’i. Tabiati. Tuman Farg’ona vodiysining markazida, Yozyovon cho’lida joylashgan. Relefi keng tekislikdan iborat, shimol tomon pasayib boradi; daryo yoyilmalari va ularning oralig’idagi pastliklar hamda Sirdaryoning qayir usti terrasasi, suvi qurib qolgan ko’l botiqlari bilan birga qadimgi soylarning o’zanlari, qum barxanlari va tepalari uchraydi. Iqlimi keskin kontinental. Yozi issiqroq, qishi sovuqroq. Bahorda g’arbdan shamol esib turadi. Yillik o’rtacha temperatura 13,6°. Iyulda o’rtacha temperatura 27°, eng yuqori temperatura 43°, yanvarda o’rtacha temperatura -2,2°, eng past temperatura -23°. Vegetatsiya davri 220 kun. Yillik yog’in 110-130 mm. Tuman hududi orqali kata Farg’ona kanali (27 kilometr), Marg’ilonsoy, Janubiy Farg’ona kanali oqib o’tadi. Tuman hududi murakkab gidrogeologik o’rinda joylashgan. Tevarak atrofdagi balandliklardan kelgan sizot suvlari va sug’orishdan chiqqan oqova suvlar yer osti suvini ko’paytiradi. Sizot suvi yuza (1-1,5 metr). Yer ostidagi suvli qatlamlardan suv artezian qudug’i orqali chiqarib olinmoqda. Tuman hududining katta qismini qisman sho’rlashgan o’tloqi va o’tloqi-botqoq tuproqlar, ba’zan sho’rxok tuproqlar ishg’ol qiladi. O’tloqi tuproqlarda butun vegetatsiya davrida namlik yetarli bo’ladi. Janubiy qismida och bo’z, sug’oriladigan bo’z-o’tloqi, botqoq o’tloqi tuproqlar (chirindisi 2-4%) bor. Yovvoyi o’simliklardan cherkez, Qandim, selin, yulg’un, qum tepalari oralig’idagi tekisliklarda sho’ra, lyos-sligilli erlarda shuvoq, zovurlar ichida qamish o’sadi. Yovvoyi hayvonlardan quyon, tulki, kemiruvchilar va sudraluvchilar bor. Aholisi, asosan, o’zbeklar (92,5%) shuningdek, qirg’iz (6,5%), tatar, tojik, rus va boshqalar (1%) yashaydi. 1 km2ga 352 kishi to’g’ri keladi. Qishloq aholisi 137,3 ming kishi (2003). Xo’jaligi. Tuman xo’jaligi, asosan, qishloq xo’jaligiga ixtisoslashgan. Shirkat xo’jaliklari paxtachilik, g’allachilik, bog’dorchilik, sabzavotchilik, polizchilik, ipakchilik, chorvachilik bilan shug’ullanadi. Oxunboboyev tumanida 1000 dan ortiq xo’jalik yurituvchi sub’yektlar ro’yxatga olingan. Shulardan 74 tasi yirik korxonalar, 942 tasi kichik va o’rta biznes korxonalari, bundan tashqari, 649 ta fermer xo’jaliklari, 379 ta dehqon, 218 ta bog’dorchilik, 31 ta chorvachilikka yo’naltirilgan fermer xo’jaliklari bor. Tumanda Janubiy Koreya bilan hamkorlikda tashkil etilgan “DEU tekstam Kompani” korxonasi, “Farg’ona naslli parranda”, “Matlubotnon”, MTP, Qoraqushchi mexanika ta’mirlash, suvni qayta tozalash korxonalari, “Raskar-200”, “yog’du” singari kichik korxonalar faoliyat ko’rsatadi. Qishloq xo’jaligining yetakchi tarmog’i — paxtachilik. Tumanda jami 24,6 ming gektar yerda dehqonchilik qilinadi, shundan 11 ming gektar yer maydoniga don, 11,02 ming gektar yer maydoniga paxta ekiladi, 2,6 ming gektardan ortiq maydon poliz, ozuka ekinlari, sabzavot, bog’va tokzorlar bilan band. 15 shirkat xo’jaligi, yirik bo’rdoqichilik korxonasi mavjud. O’rmon xo’jaligi bor. Tuman shirkat va shaxsiy xo’jaliklarida 25,8 ming qoramol (shundan 11 mingga yaqini sigir), 25,5 mingga yakin qo’y, 311 ot, 176,7 mingga yaqin parranda boqiladi (2003). Avtotransport yo’llarining uzunligi 266 kilometr. 2002/2003 o’quv yilida 49 umumiy ta’lim maktabi, 2 litsey-internatda 36,9 mingga yaqin o’quvchi ta’lim oldi, shuningdek, 2 kollej (570 talaba) faoliyat ko’rsatadi. Markaziy madaniyat uyi, qishloqlarda ularning 6 ta filiali, 25 kutubxona, 2 madaniyat saroyi, 2 stadion mavjud. 3 kasalxona (500 o’rin), sanitariya nazorati, “Salomatlik” markazlari, 3 poliklinika, 15 qishloq vrachlik ambulatoriyasi, 10 dorixona, 4 xususiy kasalxona ishlab turibdi. Tumandagi barcha tibbiy muassasalarda 192 vrach (har 10 ming aholiga 15 vrach) ishlaydi. “Istiqbol yo’li” tuman gazetasi 1943 yildan chiqadi (adadi 5 ming).