Oy

Oy (vaqt) — oyning yer atrofida bir marta aylanishi davriga yaqin vaqt oralig’i; o’lchov birligi. Quyidagi turlari farq qilinadi: 1) sinodik Oy — Oyning ketma-ket kelgan ikki bir xil fazasi orasidagi (Oy kalendariga asos qilib olingan) vaqt, 29 kun 12 soat 44 minut 2,28 sekund; 2) siderik Oy — Oyning yulduzlarga nisbatan ikki ketma-ket kelgan bir xil vaziyati orasida o’tgan vaqt, 27 kun 7 soat 43 minut 11,51 sekund; 3) tropik Oy — Oyning bir xil astronomik uzunlamalardan utishi orasida o’tgan vaqt, 27 kun 7 soat 43 minut 4,68 sekund; 4) anomalistik Oy — Oyning perigeydan ikki marta ketma-ket o’tishi orasidagi vaqt, 27 kun 13 soat 18 minut 33,16 sekund; 5) ajdar Oy — Oyning ko’tarilish tugunidan ikki marta ketma-ket o’tishi orasidagi vaqt, 27 kun 5 soat 5 minut 35,81 sekund. Grigoriy kalendarida bir yil 12 oyga bo’linadi; bunda Oylar 28 (29), 30, 31 kundan iborat bo’ladi. Quyosh kalendaridagi kalendar Oy Oy fazalariga bog’liq bo’lmaydi. Kalendar Oy uzunligi ham 28-31 kunga teng bo’ladi.